Koronavirus bemorlari haqidagi ma'lumotlar yetarlimi?

O‘zbekiston 21:30 / 30.03.2020 133996

Hukumatlar oldidagi ikkinchi yo‘l iqtisodiyotni barqaror saqlash hamda qurbonlar evaziga bo‘lsa-da, infeksiyaga qarshi turish edi. Niderlandiya tajribasida shu ayon bo‘ldiki, bir oy ichida 10 mingdan ortiq shaxs virusni yuqtirib oldi va 771ta o‘lim holati qayd etildi. Buning sabablaridan biri hukumat virusga chalingan ilk bemor aniqlangandan keyingi qariyb bir oy davomida qat'iy kurash choralarini qo‘llashga ikkilandi. Ammo hozirga kelib Niderlandiyada ham vaziyat o‘zgardi. Qat'iy choralarga qarshilar chekinishga majbur bo‘lishdi. 

O‘zbekiston sharoitida cheklov choralari imkon qadar tezroq amaliyotga kiritilmoqda, shuningdek, virus tarqalish xavfini kamaytirish uchun iqtisodiy manfaatlar ikkinchi darajali masala sifatida qaralmoqda. Menimcha, bu to‘g‘ri.

Ammo kundan-kunga mutasaddi idoralar bemorlar sonini shunchaki raqamlar bilan ifoda etishi, ya'ni oshirilgan raqamni ochiqlash bilan kifoyalanishi odamni o‘ylantirib qo‘yadi. Masalan, 29 mart kuni tongda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari soni 29taga oshib, 133tani tashkil etgani haqida xabar berildi. Kun davomida bemorlarning 7 nafari tuzalgani ma'lum qilindi. Kun oxirida esa yana 11 kishi virus yuqtirib olgani tasdiqlandi va zararlanish holatlarining jami soni 144tani tashkil etdi.

Avvalo, statistika ro‘y-rost ommaga e'lon qilinishi yaxshi, bu vaziyat hukumat nazoratida ekanligiga ishora qiladi. Ammo karantindan maqsad nima edi? Uyda qoling, jamoat joyida bemaqsad yurmang, deyishdan-chi? Albatta, infeksiyaga chalinmaslik va virus tarqalish xavfini kamaytirishdan iborat.

Shunday ekan, hukumat kasallangan bemorlar haqida ma'lum darajadagi ma'lumotlarni  e'lon qilib borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunda ularning so‘nggi yashash joylari, so‘nggi kunlardagi harakatlanish yo‘li va ular bo‘lgan jamoat joylari haqida ma'lumot berilishi kerak. O‘z o‘rnida aholi bundan to‘g‘ri xulosa qilib, ogohlikni oshirishi, uyini bemaqsad tark etmasligi kerak.

Shaxsning huquq va erkinliklari yuzasidan uning ism-sharifi, haqiqiy ma'lumotlari oshkor etilmagan taqdirda ham, infeksiyani yuqtirib olish zanjiri yaratilishi kerak. Bu ma'lumotlar bilan jamoatchilikda ommaga qo‘shilmaslik haqida haqiqiy tushuncha paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, zanjir bilan infeksiyaning «issiq izi»dan yetib borish imkoniyati oshadi.

Isroil hukumati koronavirusga qarshi kurashda maxsus xizmat tergovidan ham foydalanmoqda. Xavfsizlik xizmati xodimlari infeksiya aniqlangan bemorlarning uyali aloqa vositasi orqali harakatlanishini o‘rganib, u bilan aloqada bo‘lgan boshqa shaxslar majburiy uy karantiniga olinmoqda. Zarurat paydo bo‘lganda, ushbu ma'lumotlar televideniye orqali namoyish etildi.

30 mart holatiga ko‘ra, Andijon viloyatida 2400ta xonadon va ularda yashovchi 16 ming fuqaro uy karantiniga olingan. Andijon viloyat IIB Huqubuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tashabbusi bilan profilaktika inspektorlari tomonidan 1735ta tibbiy kuzatuvga olingan xonadonlarga «Karantin qoidalariga rioya qiling!» maxsus belgilari yopishtirib chiqildi.  O‘ylashimcha, ushbu tadbir aholini sergak tortishga, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga turtki bo‘ladi.

Bemorlar soni ko‘paygani yoxud vafot etgan shaxs haqida shunchaki raqamlarni bildirish yetarli emas, deb hisoblayman. Mamlakatda rasman favqulodda holat e'lon qilinmagan bo‘lsa-da, jamiyat fe'lan shu tahlikada yashamoqda. Qolaversa, O‘zbekiston xalqining uzoq payt karantinda o‘tirishi ham iqtisodiyotda salbiy in'ikosini ko‘rsatadi. Shu sababli, imkon qadar infeksiyaga chalingan bemorlarni ommadan ajratib olish ishini tashkil etish kerak. Xalq esa uyda qolishi, bir muddat qiyinchiliklarni sabr bilan yengib o‘tishi, asosiysi virus yuqish zanjirini uzib qo‘yishi kerak.

Alisher Ro‘zioxunov

Ko‘proq yangiliklar: