Karantin davrida elektr energiya barqarorligi ta'minlanadimi?

O‘zbekiston 21:20 / 30.03.2020 6130

Energetika vazirligining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha,  koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida   aholining sifatli elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasi sub'yektlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash  uchun sutkasiga 170 million kVt/soat energiya ishlab chiqilmoqda. 

Shuningdek, iste'mol ehtiyojiga ko‘ra faqatgina Turkmanistondan sutkasiga o‘rtacha 2,8 million kVt/soat elektr energiyasi importi amalga oshirilmoqda. 

"Masalan, 26 mart holatiga muvofiq, ishlab chiqarilgan elektr energiyasi jami 185,2 million kVt/soatni tashkil etgan. Hozirgi paytda poytaxtda elektr energiyasi iste'molining yuqori nuqtasi 1200 MVt ni tashkil etadi", - deya ma'lumot berdi vazirlik mutasaddilari. 

Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, aksariyat hollarda butun mamlakatda kuzatiladigan elektr energiyasidagi uzilishlar energiya iste'moli hajmining o‘sishiga  bog‘liq. 

"Bugungi kunda mavjud bo‘lgan  ko‘p kvartirali uy-joylarning asosiy qismi sovet ittifoqi davrida qurilgan. O‘sha paytda qo‘llanilgan 0,4 kilovoltli elektr ta'minoti tarmog‘i qurilgan uy-joy fondini tezkorlik bilan elektr bilan ta'minlashga mo‘ljallangan bo‘lib, bugungi kundagi yuklamalarni ko‘tara olmaydi. Bundan tashqari har bir xonadonda televizor, sovutgich, chang yutgich, kir yuvish mashinalari, kompyuter, konditsioner, ventilyatorlar bor. Ko‘p uylarda foydalaniladigan provodka va transformatorlar ham energiya iste'molining bunday katta hajmiga mo‘ljallanmagan. Shu tarzda, energiya ta'minotini barqarorlashtirish muammosi faqat Energetika vazirligiga  bog‘liq emas. Bu o‘rinda, ko‘p narsa kommunal xizmat xodimlari mas'uliyatiga kiradi. Uylarning shaxtalarida butun provodkani yangilash kerak", - deyiladi xabarda. 

Ma'lum qilinishicha, yangi qurilayotgan uy-joylar eski transformatorga ulanmasligi kerak. Ammo qurilish kompaniyalari, odatda, buning uchun, ayni paytda, qozonxonalar uchun joy yetishmasligini bahona qilib yangi tranformatorlarni o‘rnatmaydi. 

"Bu muammoning yechimi bor – yangi uylar podvallariga “quruq” transformatorlarni o‘rnatish mumkin. Ular, shubhasiz, mablag‘ talab etadi, ammo bu mavjud yuklamalarni orttirmaslik uchun zarurdir. Ayni paytda ular ekologik sof va tejamkor hisoblanadi, turli mamlakatlarda olib borilayotgan qurilishlarda keng qo‘llaniladi.  Shu tarzda, elektr energiyasi ishlab chiqarish va yetkazib berishni ko‘paytirgan taqdirda ham, amaliyot shuni ko‘rsatadiki, mavjud energiyani uzatish tarmoqlari ortiqcha yuklamaga javob berib, uzilib qolmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi", - deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Ta'kidlanishicha, Toshkent shahrida ommaviy ravishda 14-16 qavatli monolit uylar qurilishi ham boshqa masalani keltirib chiqaradi. Qurilish me'yorlariga ko‘ra, bunday  uylarga gaz o‘tkazish mumkin emas. Ushbu uy-joy komplekslari xususiy qozonlar hisobiga isitiladi, ammo ular ham elektr tizimiga ulanib, tarmoqqa yuklamani orttirib yuboradi. Shu sababli Qurilish vazirligi ushbu masalani hal qilishi mumkin. Buning uchun qurilish kompaniyalari zimmasiga bir joyda bir nechta ko‘p kvartirali uylar yoki 48 kvartiradan ortiq bitta uy  qurilganda kogeneratsion turdagi kichik qozonxonalar qo‘yish majburiyatini yuklash zarur. Ular nafaqat issiqlik bera oladi, balki aholi ehtiyojlari uchun elektr energiyani ham ishlab chiqarishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, hozirgi paytda O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan elektr energiyaning 90 foizi tabiiy gaz hisobidan ishlovchi issiqlik elektr stansiyalari tomonidan yetkazib berilmoqda. Tabiiy gazni sarflash evaziga elektr energiyani sarflab, xonadonlarni isitish juda xavfli va noto‘g‘ri.

Ko‘proq yangiliklar: