Hozir taksichilar taksi parklariga kunlik to‘lovni to‘lashga majbur emas – Transport vazirligi

O‘zbekiston 17:59 / 30.03.2020 12190

Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov taksilarning karantin davridagi faoliyatiga aniqlik kiritdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, 2020 yil 30 mart kunidan e'tiboran yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish litsenziyasiga ega bo‘lgan yo‘nalishsiz taksilarga (o‘zlarining ro‘yxatdan o‘tgan ma'muriy hududi doirasida) yo‘lovchilarsiz, yetkazib berish xizmati (kurer, dostavka) amalga oshirishlari mumkin.

Bunda ko‘chalarda harakatlanish uchun avtotransport vositalariga maxsus ruxsatnoma talab etilmaydi.

Sodda qilib aytganda, taksilarning yo‘lovchi tashishiga ruxsat etilmaydi. Bu esa haydovchilarning taksi parklariga kunlik to‘lov to‘lashga majbur emasligini anglatadi.

Yetkazib berish xizmati (kurer, dostavka) bilan shug‘ullanayotgan taksi haydovchilarining kunlik to‘lovlari masalasi haydovchi va tashuvchi tashkilot o‘rtasidagi munosabatlari mehnat qonunchiligiga asosan tartibga solinadi», – dedi Transport vazirligi matbuot kotibi.

Ashurmatov Samarqand viloyatida karantin davri bo‘lishiga qaramay, hali ham kunlik to‘lov talab etilayotgani haqidagi savolga ham izoh berdi.

«Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 iyuldagi 636-sonli qarori bilan tasdiqlangan tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentiga muvofiq, tijorat asosida yo‘lovchilarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyati yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining 2003 yil 1 avgustdagi 108-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Chipta-hisob va yo‘l varaqasini to‘ldirish bo‘yicha» yo‘riqnomaga muvofiq, yo‘l varaqalari yo‘nalishsiz taksilarning ishini tariflovchi asosiy hujjat hisoblanadi.

Yo‘nalishsiz taksi haydovchilariga yo‘l varaqalarini berish tashuvchi tashkilotning navbatchi dispetcheri tomonidan amalga oshiriladi. Bunda haydovchilar tomonidan xech qanday to‘lovlarni amalga oshirilishi ko‘zda tutilmagan.

Nafaqat bugungi kun sharoitida, balki pandemiya rejimidan tashqari holatda ham yuridik shaxslar tomonidan yo‘l varaqalarini berganlik uchun yo‘nalishsiz taksi xaydovchilaridan kunlik to‘lovlarni talab qilishi xech qanday asosga ega emas.

Mazkur holat Samarqand viloyati transport boshqarmasi tomonidan nazoratga olindi», – dedi Transport vazirligi rasmiysi 30 mart kungi brifingda.

Ko‘proq yangiliklar: