Bo‘kada fermerlarga seminar o‘tildi. Karantin qoidalari bu tumanga taalluqli emasmi?

O‘zbekiston 18:49 / 30.03.2020 47942

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 mart kuni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida hududlar hokimlariga karantin paytida joylarda barcha darajadagi yig‘ilishlar va majlisbozliklarga chek qo‘yish talabini qo‘ydi.

Ammo, davlat rahbarining topshirig‘iga qaramay, 27 mart kuni Bo‘ka tumani rahbarlari ishtirokida tumandagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari uchun seminar tashkil etilgan.

Kun.uz ixtiyoridagi ma'lumotga ko‘ra, chigit ekish masalalariga bag‘ishlangan mazkur seminar 27 mart kuni soat 15:00da tumanning «Mustaqil O‘zbekiston» fermerlar uyushmasi hududidagi «Abdurafe Rajabzoda» fermer xo‘jaligi dala maydonida bo‘lib o‘tgan.

Unda tuman hokimi Nizomiddin Abbosov, tuman prokurori Husanxo‘ja Po‘latxo‘jayev va tuman soliq inspeksiyasi rahbari Dilshod Omonov ham ishtirok etgan.

«Muhim» seminarda fermerlarga nima o‘rgatildi?

Kun.uz muxbiri seminar tafsilotlari haqida ma'lumot olish maqsadida unda ishtirok fermerlardan biri bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.

«Hokimimizni juda hurmat qilamiz. Lekin vaziyatni hammamiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz. Butun dunyoda aholini uyda qolish haqida chaqiriqlar bo‘layotgan, shaxsan prezidentimiz hokimlarga karantin paytida majlisbozliklarni to‘xtatishni buyurgan bir paytda majburiy tarzda o‘tkazilgan bu seminar barcha fermerlarda xavotir uyg‘otmasdan qolmadi», – deydi shaxsi sir qolishini istagan fermer.

Seminarda nima masalalar muhokama qilindi, deb bergan savolimizga:

«Nimani ham muhokama qilardik? Har yili o‘zimiz qilib kelgan ish – chigit ekishni «o‘rgatishdi». Kerak bo‘lsa, shu yerda to‘plangan fermerlar chigit ekishni hokimdan ham, prokuror-u tuman bosh soliqchisidan ham yaxshiroq bilishadi.

Seminarda qishloq xo‘jaligi sohasi yuksak darajada rivojlangan biror xorijiy davlatdan mutaxassis master-klass o‘tarmidi yoki bo‘lmasam banan yo apelsin yetishtirishni o‘rganayotganmidikki, inson hayoti xavf ostida turgan shunday bir tahlikali vaziyatda yig‘ilish o‘tkazilsa...», – deydi fermer biz bilan suhbatda.

Hokim: «Seminar o‘tkazish – fermerlarning o‘zidan chiqqan tashabbus»

Shundan so‘ng, tuman hokimi Nizomiddin Abbosov bilan telefon orqali bog‘lanib, holat bo‘yicha izoh oldik.

«Bu seminarda ishtirok etganim rost, lekin uni o‘tkazish bo‘yicha men topshiriq bermaganman. Seminarni fermerlarning o‘zi tashabbus qilib o‘tkazishdi.

Unda Turkiya davlatidan olib kelingan yangi turdagi chigit ekish moslamasining qanday ishlashi namoyish qilindi.

Hozirgi murakkab vaziyatni to‘g‘ri tushungan holda majlislarni internet orqali onlayn o‘tkazishga harakat qilyapmiz», deydi hokim biz bilan suhbatda.

Qonun nima deydi?

Bu kabi yig‘ilishlar 3 kishining bir joyda to‘planishi taqiqlangan, barcha fuqarolar uyda qolishi to‘g‘risida Hukumat darajasida qat'iy choralar ko‘rilayotgan bir vaqtda tashkil qilinishi, buning ortidan ko‘plab insonlarning hayoti xavf ostiga qo‘yilishi hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Darvoqe, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalardan so‘ng bu kabi xatti-harakatlar huquqbuzarlik hisoblanadi.

Jumladan, kodeksning 54-moddasi (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) 2-qismiga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish mansabdor shaxslarga BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jamshid Niyozov,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: