Zafar Xolmurodov - «Nasaf»dan Toshkent klubiga o‘tmoqchi bo‘lganidagi qo‘rqinchli qo‘ng‘iroq, hokimlarning futbolga ta'siri va 2000-yillar futboli haqida

Sport 14:53 / 29.03.2020 54002

Bahorning ilk kunlarida Qashqadaryoda bo‘lgan Kun.uz va Tribuna.uz muxbirlari Zafar Xolmurodov bilan uchrashib, undan intervyu olishga ko‘ndirdik. Ko‘p yillardan beri «Nasaf» klubi o‘rinbosarlari bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritayotgan sobiq hujumchi bilan Qarshidagi «Markaziy» o‘yingoh tribunasida suhbatlashdik. Quyida intervyuning birinchi qismini hukmingizga havola etamiz.

 Faoliyati, shogirdlari va «Nasaf» akademiyasi muvaffaqiyati haqida

 - Assalom alaykum, Zafar aka. Yillar o‘tib, siz bilan yana uchrashib turganimizdan xursandmiz. Keling, suhbatimizni hozirgi faoliyatingiz bilan boshlasak, nimalar bilan bandsiz?

- Bugungi kunda «Nasaf» klubi o‘rinbosarlari jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritib kelayapman. Bu yerdagi bosh vazifamiz «Nasaf» klubining asosiy tarkibiga yosh futbolchilarni yetkazib berish hisoblanadi. Dastlab klub akademiyasidan o‘smir va yoshlarni o‘rinbosarlar jamoamizga chaqiramiz, keyin yil davomida bizda to‘p surgach, iqtidorli va Superligaga tayyor yoshlarni asosiy jamoa bosh murabbiyi Ro‘ziqul Sa'dullayevich bilan maslahatlashib, bosh jamoamizga o‘tkazamiz.

- So‘nggi yillarda «Nasaf» o‘rinbosarlari safidan bir qator iqtidorlar yetishib chiqdi. Shogirdlaringiz orasidan kimlarni ko‘rsata olasiz?

- Elga tanilgani ko‘p. Masalan, «Nasaf» va O‘zbekiston yoshlar jamoasida to‘p surib kelgan Bobur Abduxoliqov, Sharof Muhitdinov, Aziz G‘aniyevlarni aytishim mumkin. Bu yigitlarimiz akademiyamiz mevasi sanaladi. Maktabimizdan o‘rinbosarlar safida yanada o‘sib, Ro‘ziqul Berdiyev tomonidan asosiy tarkibga jalb etilgan. Maqsadimiz ham aynan mana shunday yigitlarni klub va O‘zbekiston yoshlar va milliy jamoalariga yetkazib berish sanaladi. Yosh iqtidorlarni yetishib chiqishida akademiyamizni ko‘p yillar boshqargan, hozirda «Nasaf» klubi rahbari sanalmish Sergey Petrovich Kucherenkoning ham hissasi katta.

 - Olimpiya jamoamiz safida Osiyo chempionati kashfiyotiga aylangan Oybek Bozorov ham qo‘l ostingizda porlab chiqqan, shundaymi?

- Oybek Bozorov «Nasaf» akademiyasi tarbiyalanuvchisi sanaladi. U G‘uzorning «Sho‘rtan» klubi safida ham to‘p surgach, «Nasaf» o‘rinbosarlari safiga chaqirildi. Bir yil davomida o‘zini yaxshi ko‘rsatgach, Ro‘ziqul aka Oybekni asosiy tarkibga jalb qilgandi. U o‘ziga talabchan, intiluvchan, har tomonlama iqtidorga ega. Futbolchi o‘ziga nisbatan intizomli bo‘lsa, mehnat qilishdan qochmasa o‘z niyatiga yetadi.

- Ko‘p yillarda buyon o‘rinbosarlar bosh murabbiyi sifatida samarali ishlab kelayapsiz. Superliga klublarida mustaqil ish boshlash vaqti kelmadimi?

- Albatta, har bir inson o‘z oldiga maqsad qo‘yadi. Nasib qilsa, Superliga klublaridan taklif tushsa, ishlashga tayyormiz. Klub va mamlakatimiz bosh jamoalari uchun yosh iqtidorlarni yetkazib berishga intilamiz. Hammada shunaqa maqsad bo‘lishi kerak, u siz hech narsaga erishib bo‘lmaydi.

 «Bizning davrimizda talantli yigitlar ko‘proq edi»

 - Faoliyatingiz davomida ko‘p murabbiylar bilan birga ishlagansiz. Aytingchi, qaysi murabbiylar faoliyatiga havas bilan qaraysiz, ulardan o‘rganishga intilasiz?

- Faoliyatim davomida ishlagan murabbiylardan «Mash'al» va «Nasaf» sobiq bosh murabbiyi Vladimir Fomichev, «Dinamo»da Tachmurod Agamurodovdan ancha narsa o‘rganganman. O‘shanda ham yaxshi murabbiylar ko‘p edi, ammo asosan «Nasaf»da to‘p surganim uchun ular bilan ishlay olmaganman. Lekin aytaylik, Fomichev qo‘l ostida futbolchi nimalarni noto‘g‘ri qilayotganligini o‘rganib olganman. Vladimir Aleksandrovich noto‘g‘ri harakatlarimizni ko‘rsatib, yaxshi tushuntirargan. Ularning mashg‘ulot jarayoniga havas bilan qaraganman. To‘g‘ri, milliy jamoada ham xorijlik murabbiylar Yurgen Gyode, Bob Xoutonlar bilan ham ishlaganman, ular ham o‘z qarashlariga ega edilar. Hozirda Ro‘ziqul aka Berdiyevning yoshlarga qo‘rqmay ishonch bildirishiga va shu taqlid yangi iqtidorlarni kashf eta olishlariga havas qilaman. Turli yoshdagi mamlakatimiz jamoalariga e'tibor bering, «Nasaf»ning tarbiyalanuvchilari talaygina topiladi. Shundan xulosa qilsa bo‘ladiki, klub to‘g‘ri yo‘ldan ketmoqda. Bu yo‘l esa har doim o‘z mevasini beradi.

 - Siz to‘p surgan vaqtdagi futbolimiz bilan bugungi futbolimizdagi farqni nimalarda ko‘rasiz?

- Bilasizmi, bizning davrimizda murabbiy u tomonga yugur, bu tomonga chop deb aytmasdi, futbolchilarning o‘zida bor edi bunday xislat. Ishtiyoq, xarakter, intilish kuchliroq edi. O‘z ustimizda ko‘proq ishlardik. Stadionga xalqni oldiga chiqqandan keyin uyalib qolmaslik uchun, mashg‘ulotlardan keyin ishlardik, jarima maydoni ichida to‘pni darvozaga tinmay kiritishni mashq qilardik. Nega? O‘yinda xato qilmaslik uchun. Qolaversa, hozirgidek sharoit, imkoniyat, e'tibor yo‘q edi. Aytaylik, hozirda akademiya, o‘rinbosarlar, asosiy jamoalar uchun alohida bazalar bor. Oldin esa o‘rinbosarlar ham, asosiy tarkib ham bitta qarorgohda yashardik. Yoshlar ham asosiy tarkibdagi futbolchilardan nimanidir o‘rganardi.

 - Avvallari har bir klubning o‘z goleadori bo‘lardi. Aytaylik, «Nasaf»da siz, «Neftchi»da Anvar Berdiyev, Umid Isoqov, «Navbahor»da Shuhrat Mirxoldirshoyev, «Dinamo»da Hamza Jabborov, Ravshan Bozorov, «Buxoro»da Tillayev, Toshkentda Irismetov, Tojiyev, Xabibulin, «Andijon»da Baxtiyor Hamidullayev, «Qizilqum»da Marsel Idiatulin va hokazo. Aytingchi, nega shunday hujumchilar kamayib ketdi?

- To‘g‘risi, shu haqda mendan ko‘p so‘rashadi. O‘ylaymanki, bizning davrimizda talantli yigitlar ko‘proq edi. Ular haqiqiy iqtidor egasi bo‘lgan hujumchilar bo‘lgan. Siz nomini tilga olgan o‘yinchilar hammasi zo‘r, har o‘yinda 2-3tadan gollar urishardi. Chunki hujumchini vazifasi faqat gol urish bo‘lishi kerak. Hozirgi jamoalardagi hujumchilar mashg‘ulotlarda hamma qatori mashq qilib, darvozalarga boshqalar qatori bir xil zarba yo‘llashadi. Bunaqada gol urish hissiyot bo‘lmaydi. Aslida esa hujumchi mashg‘ulotda hammadan ko‘proq darvozaga zarba berib, mashq qilishi kerak. Fikrimcha, darvozabonlar bilan alohida murabbiy ishlagani kabi hujumchilar bilan ham individual ishlaydigan alohida murabbiy kerak. O‘shanda hujumchilar darvoza oldida ko‘proq ishlab, o‘yindagi xavfli vaziyatlarda shoshib qolmaydi.

«Nasaf»ning tashkil etilish tarixi, Nuriddin Zayniyev va hokimlarning futbolga qiziqishi haqida

- O‘sha paytdagi to‘purarlik raqobatini qanday eslaysiz?

- Hujumchilar orasida raqobat juda kuchli edi. Jafar Irismetov, Umid Isoqov, Shuhrat Mirxoldirshoyev, Baxtiyor Hamidullayev, Anvar Berdiyevlar bilan gol urish borasida kuchli raqobat bo‘lardi. Ularning har birida gol hidini sezish qobiliyati bor edi. Ular gol urishdan to‘xtashni istamaydigan futbolchilar toifasidan bo‘lgan.

- Qashqadaryo viloyati sobiq hokimi, rahmatli Nuriddin Zayniyev har mavsum oldidan sizga qanchadir gol ursang shunga yarasha mukofot beraman, deganlari rostmi?

- Rahmatli Nuriddin akamizning futbolga qiziqishlari juda kuchli edi. Esimda, 2008 yil Oliy liganing ochilish marosimida biz Samarqandning «Dinamo» klubiga qarshi o‘ynashimiz kerak edi. O‘yindan oldin Nuriddin Zayniyev oldimizga kirib, “Samarqand ajiotaj ko‘tarayapti, Qarshida yutib ketaman deyapti” – degandilar. O‘shanda so‘zga chiqib, “Nuriddin aka, ochilish o‘yini bizda bo‘ladi, raqibdan qo‘rqadigan joyimiz yo‘q, g‘alaba uchun maydonga chiqib, muxlislarimiz oldida kurashamiz”, - degandim. O‘shanda yagona golni urib, muhim g‘alabani keltirgandim. Juda xursand bo‘lgandilar. Umuman olganda, bilasiz, bizda viloyat hokimlari futbolga qiziqmasa, e'tibor bermasa, futbolchilarga yomon ta'sir qiladi. Chunki bizda avvaldan viloyat hokimlari futbolga qiziqsa, o‘sha klublar kuchli bo‘lgan.

Qashqadaryo viloyatining yana bir sobiq hokimi Ozod Davronovich Farmonovni ham yaxshi eslayman. 1996 yil qishda aynan shu kishi «Nasaf» klubini tashkil etganlar. 1997 yildan yangi jamoada to‘p sura boshlagandik. Bugunga kelib «Nasaf»ni butun Osiyo ham taniydi. Kechagidek yaxshi eslayman, 1996 yil Shahrisabzdan Qarshiga kelganimda «Nasaf»da imkoniyat, sharoitlar yaxshi bo‘lmasa-da, aynan Ozod Davronovich ko‘p yordam qilardilar. Ulardan doim minnatdormiz. Hozir ham yangi hokimimiz Zoyir Mirzayev viloyat futboliga yaxshi e'tibor berayaptilar.

 «5 yil «Paxtakor», 2 yil «Bunyodkor» klubi chaqirgan bo‘lsa ham Toshkent klublariga o‘tolmaganman»

 - 2000-yillarda Toshkent klublaridan taklif tushganida, rahbarlardan biri sizga «Nasaf»ni tark etsang, qamalasan», - deya qo‘rqitgani haqida gap-so‘zlar tarqalgandi. Ancha vaqt o‘tdi, aytingchi, chindanam shunga o‘xshash qo‘rqitish bo‘lganmi?

- (biroz o‘ylanib) Nima desam ekan? To‘g‘risi, u narsalar bo‘lgan. O‘sha vaqti «Quruvchi» klubidan taklif tushgandi. Men Toshkentga borib, «Quruvchi» klubiga o‘taman deb turganimda, Qarshidan aloqaga chiqishdi: «Nasaf»dan ketsang, Qashqadaryodan ketasan, shunaqa-shunaqa...», deb qo‘rqitishgandi. Menku qo‘rqqanim yo‘q, ammo bunday gaplardan keyin baribir har bir odam ham eng avvalo o‘zini emas, oilasini, ota-onasini o‘ylaydi. Shu uchun 5 yil «Paxtakor», 2 yil «Bunyodkor» klubi chaqirgan bo‘lsa ham «Nasaf»dan Toshkent klublariga o‘tolmaganman. Qashqadaryoda rahbarlarni futbolga qiziqishi juda yuqori bo‘lgani uchun meni qo‘yib yuborishmagandi.

 - Bundan afsuslanmaysizmi? Har holda Toshkent klubida chempion bo‘lish mumkin edi...

- Afsus chekkanim bilan endi hech narsani o‘zgartira olmaymiz. O‘tgan ishlarga salovat, deb qo‘ygan ma'qul. Taqdirimizda, peshanamizda yozilgani bo‘ladi.

(davomi bor)

Usmon Ibodov suhbatlashdi.
Tasvirchi Faxriddin Hotamov. 

Ko‘proq yangiliklar: