Rossiyada koronavirus bo‘yicha karantindan qochganlik uchun ilk jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jahon 00:38 / 29.03.2020 7382

Sankt-Peterburg shahrida koronavirus bo‘yicha tashkil etilgan karantinlardan biridan qochib ketgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar bermoqda «Interfaks» Rossiya IIVning Sankt-Peterburg shahri va Leningrad oblasti bo‘yicha boshqarmasiga asoslangan holda.

21 mart kuni peterburglik 32 yoshli Georgiy X. Shveytsariyadan kelgan va ikki haftalik karantinga kirishi shartligi to‘g‘risida ogohlantirish olgan. 26 mart kuni uni «Zarya» pansionatiga majburiy ravishda joylashtirishgan, chunki u o‘z uyida karantin rejimiga amal qilmagan. 27 mart kuni Georgiy pansionatdan qochgan, ertasi kuni uni ushlab yana karantinga qaytarishgan.

Hozircha peterburglik bu yigitda koronavirus infeksiyasi bor-yo‘qligi tasdiqlangani noma'lum. Georgiyga nisbatan RF JKning 30- va 236-moddalari (sanitariya-epidemiologiya qoidalarnini buzishga qasd qilish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Agar uning xatti-harakatlari ommaviy kasallik yuqishi yoki inson o‘limiga sababchi bo‘lsa, u besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Qayd etish joizki, bunday holatlar O‘zbekistonda ham kuzatilmoqda.

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov karantin qoidalariga amal qilmagan 7 nafar fuqaro javobgarlikka tortilgani haqida ma'lumot bergan edi. Jumladan, karantin hududiga joylashtirilgan, ammo u yerdan qochib ketgan 3 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular kamida 18 nafar oila a'zolarining hayotini xavf ostiga qo‘ygan.

26 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonunni imzoladi.

IIV axborot xizmatining ma'lum qilishicha, karantin tadbirlari e'lon qilingan vaqtdan bugungi kunga qadar respublika bo‘yicha karantin qoidalariga amal qilinmagan 7157 ta holat aniqlangan. Eng ko‘p huquqbuzarlik Toshkent shahrida qayd etilgan. 

 

 

Ko‘proq yangiliklar: