«O‘zbekistonimning kuchli qo‘llarini his qildim» - Kasallikni yenggan bemor shifoxonada o‘tgan kunlar haqida

Jamiyat 21:46 / 29.03.2020 147762

«Ikkinchi marta tug‘ildim»

Dastlabki suhbatdosh M.A – COVID-19 koronavirus infeksiyasidan shifo topgan hamyurtimiz

– Yoshim 49da. Koronvirusga chalinganim hayotimdagi jiddiy sinovlardan biri bo‘ldi. Allohga shukr, prezidentimizning qat'iyati, shifokorlarimizning sa'y-harakatlari tufayli hammasi ortda qoldi. Aytish mumkinki, men ikkinchi tug‘ilgan kunimni nishonlayapman.

– Kasallikka chalinganingizni qachon bildingiz?

– O‘zim toshkentlikman. Qozog‘istonga ish yuzasidan borgandim. Qaytishimda, chegaradan o‘tishda teplovizor orqali tekshirishdi va haroratim oshgani ma'lum bo‘ldi. Darhol karantinga olishdi va tekshirishlardan keyin, virusologiya ilmiy tekshirish institutiga olib kelishdi.

– Sizda shu kasallik aniqlanganida qanday ahvolga tushdingiz?

– Albatta, ozgina hadiksiraganim, karantinga olishganida ko‘nglimdan norozilik o‘tgani rost. Ammo shifokorlarning xotirjamligi, o‘z ishlariga jiddiy yondashishlari meni ham tinchlantirdi. Shu o‘rinda o‘z boshimdan o‘tkazgan inson sifatida yurtdoshlarimga aytadigan gaplarim bor – avvalo vahimaga tushmang, shu bilan birga shifokorlarning ehtiyot choralari bo‘yicha aytgan har bir gaplariga amal qiling. Men davolanishning har bir bosqichida buni juda yaxshi anglab yetdim – bejiz jon kuydirilmayapti ekan.

Lekin haliyam ko‘pchilikning kasallik yuqishi mumkinligiga bee'tibor bo‘layotganini tushunib bo‘lmaydi. O‘zingizdan o‘tganini o‘zingiz bilarsiz, lekin yaqinlaringiz, oila a'zolaringizni hadikka tushirishni ham o‘ylash kerak, ular biz uchun qanday ko‘ylarga tushishadi.

– Shifoxonadagi sharoit, muolajalar, shifokorlarning munosabati haqida nima deysiz?

– Yuqorida aytganimday – men yana qayta tug‘ildim, O‘zbekistonimning kuchli qo‘llarini his qildim. Buni biror mubolag‘asiz aytyapman. Shifokorlar erta-yu kech yonimizda bo‘lishdi, na dori-darmondan, na oziq-ovqatdan biror kamchilik sezdim. Hammasi ko‘ngildagidek, bizni barcha sharoitlarga ega alohida palatalarda saqlashdi, dunyo voqealarini televizor orqali ko‘rib, yaqinlarimiz bilan muloqot qilib turdik.

Shifokorlarga ming bor rahmat aytaman. Ochig‘i, bu kasallikdan oldin ayrim shifokorlarga nisbatan hurmatsizlik hollarini eshitib, jiddiy e'tibor bermasdim. Endi fikrlashim ham o‘zgardi, men bu kasbning ulug‘ligini yana bir marta his qildim.

– Yurtdoshlarimizga tilaklaringiz.

– Hamisha sog‘-salomat bo‘lishsin. Bu ham bir sinov, albatta yengib o‘tamiz. Yuqorida aytganimday hammamiz aytilgan tavsiya va talablarga qat'iy amal qilishimiz shart. Ular bejiz o‘ylab topilmagan. O‘zingizni yomon his qildingizmi, yashirmang – darhol kerakli joyga murojaat qiling. Ishoning, bu yashiriladigan, juda og‘ir o‘tadigan kasallik emas. O‘z vaqtida kerakli choralar ko‘rilsa, hammasi joyida bo‘ladi. Karantindan bo‘yin tovlash, kasallikni yashirish faqat yomon natijaga olib keladi. Buni shaxsan kuzatdim.

Allohga shukr, sog‘ayib chiqdik. Shifoxonada boshqa bemorlar qolishdi, umid qilamanki ular ham tez orada sog‘ayib chiqib, safimizga qo‘shilishadi. Yurtimizdagi hamma bemorlar ham sog‘ayib ketishsin.

«Shu kasbni tanlaganimga bu qadar g‘ururlanmagandim»

Bugungi kun qahramonlaridan biri, sog‘ayib ketgan bemorni davolagan shifokor Xushnura Saidgaziyeva bilan ham suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldik.

– Shu kasbni tanlaganimga, aynan shu shifoxonada ishlayotganimga 25 yil to‘ldi. Har xil davrlar bo‘lgan, qiyin kunlarni ham ko‘rdik. Ammo ko‘ksimni to‘ldirib ayta olamanki, mana shu o‘tgan kunlarchalik o‘z kasbimdan g‘ururlanmaganman, xalqim, davlatim rahbari qo‘llab-quvvatlashini his qilmaganman.

– Bugun 7 nafar bemor sog‘ayib chiqqanida ko‘nglingizdan nimalar kechdi?

– Biz shifokorlar har qanday holatda bemorga yordam berish bo‘yicha Gippokrat qasamini ichganmiz. Mana shu kasallikka qarshi kurash boshlaganimizda Allohga tavakkal qilganimizni yana bir bor his qildim. Yangi kasallik, bemorlar umid bilan tikilib turishibdi. Hammamiz hamjihatlikda bemorlarimizning tushkunlikka tushib qolmasligi uchun harakat qildik va ular ham bizga katta yordam berishdi. Faqat ana shu qo‘lni-qo‘lga berish orqali bugungi muvaffaqiyatga erishdik.

– Ta'minot bo‘yicha muammolar sezilmadimi?

– Umuman sezilmadi. Davlatimiz, vazirligimiz har qanday davo vositasini uzluksiz yetkazib berib turdi. Sutkasiga 20 soatlab ishlasak-da, ruhan tetik yurdik, biror kamchilik sezmadik.

– Shifokorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun uyushtirilgan chellenjdan xabar topdingizmi?

– Albatta, bu ham ko‘zimizga yosh keltirgan holatlardan biri bo‘ldi. Bemorlar oldida uzluksiz bo‘lib, bu holatni to‘liq kuzata olmadim, lekin eshitishim bilan shu yurt farzandi ekanligimdan faxrlandim. O‘zbekiston o‘z farzandini tashlab qo‘ymaydi.

– Tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish bo‘yicha prezident qarori ham chiqdi.

– Ayni bizda ish qizg‘in paytda bu qaror chiqqanini eshitdik. Yuqorida aytganimday hech qachon o‘z kasbimdan bu qadar g‘ururlanmaganman. Albatta, moddiy rag‘batlantirish ham muhim. Lekin eng muhimi ma'naviy qo‘llab-quvvatlashni his qildik. Bu qaror umuman barcha tibbiyot xodimlariga juda katta dalda bo‘ldi.

Tez orada uylariga kuzatib qo‘yamiz

Fursatdan foydalanib, sog‘ayib ketgan yurtdoshlarimiz reabilitatsiya o‘tayotgan Respublika ixtisoslashgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Qodir aka Mo‘minov bilan ham qisqa suhbat qildik:

– Bu hamyurtlarimiz kasallikdan to‘la forig‘ bo‘lishgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratida bir necha marta testlar o‘tkazilgan va kasallik aniqlanmagan. Endi virus tarqalish muddatini yakunlash va sog‘liklarini yanada tiklash uchun bizning muassasamizda ma'lum muddat bo‘lib turishadi. Ular uchun barcha sharoitlar yaratilgan, o‘zlarining ham kayfiyatlari yaxshi. Faqat jiddiy sinovni o‘tkazganlari uchun yaxshilab dam olishlari, qator reabilitatsiya muolajalarini o‘tkazishimiz kerak. Xudo xohlasa yaqin kunlarda hammalarini uylariga kuzatamiz.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: