Olimlar koronavirus uchun eng qulay havo haroratini aniqlashdi

Jahon 21:38 / 29.03.2020 110848

Hongkong universiteti olimlari koronavirus o‘ta faol bo‘ladigan havo haroratini aniqlashdi. Tadqiqot natijalari medRxiv portalida ma'lum qilindi.

Tadqiqotchilarning bildirishicha, koronavirus uchun eng «yoqimli» harorat to‘rt daraja iliq ekan. Agarda dezinfeksiya ishlari o‘tkazilmasa, u bunday ob-havoda 14 kungacha faolligini saqlab qoladi.

Ma'lum qilinishicha, SARS-CoV-2 koronavirusi 70 daraja issiqda besh daqiqa ichida o‘ladi.

Bundan tashqari, hongkonglik olimlar koronavirus qanday yuzada uzoq vaqt faolligini saqlab qolishi mumkinligiga ham aniqlik kiritishdi. Ularning ma'lum qilishicha, virus qog‘oz sirtida uch soat, kiyim va ishlov berilgan yog‘och yuzasida ikki kungacha, shisha sirtida to‘rt, plastik yuzasida yetti kungacha faol bo‘ladi. Tibbiy niqoblar yuzasida ham u uzoq vaqt – yetti kungacha saqlanib turadi. Shu bois olimlar niqoblarni puxta dezinfeksiya qilishga chaqirishdi.

Avvalroq ukrainalik taniqli pediatr Yevgeniy Komarovskiy koronavirusning turli yuzalarda yashovchanligini ko‘rsatuvchi infografikani e'lon qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: