Koronavirusdan katta talofat ko‘rayotgan Nyu-Yorkka suzuvchi gospital yo‘l oldi

Jahon 23:35 / 29.03.2020 18554

Bu esa shifoxonalardagi o‘rinlarni bo‘shatishga va mahalliy shifokorlarga yuklamani kamaytirishga imkon beradi.

29 mart kuniga AQShda koronavirusga chalinganlar soni 125 mingdan ko‘proqni tashkil qilgan, ulardan 30 mingi Nyu-Yorkka to‘g‘ri keladi. Virusdan 2 mingdan ko‘proq, jumladan Nyu-Yorkda 672 odam vafot etgan. Shaharda vaziyat tobora yomonlashib bormoqda – bu yerda har 9,5 daqiqada bir kishi koronavirusdan vafot etmoqda. 2001 yil 11 sentyabrdagi teraktdan keyin ilk bor Nyu-Yorkda minglab jasadlarga mo‘ljallangan muzlatgichli yuk mashinalari paydo bo‘ldi. Biroq shunday og‘ir vaziyatga qaramay, shaharda hanuzgacha karantin kiritilmagan.

USNS Comfort kema-gospitali AQShdagi shunday ikkita kemadan bittasidir.   Uning “egizagi” - USNS Mercy bo‘lib, ikkala kema ham avval tanker bo‘lgan kemalardan qurilgan. USNS Comfort 1987 yilda kema-gospitalga aylangan. Odatda, bu ikki kema o‘z vazifasini navbati bilan bajaradi. Biroq hozirgi sharoitda ikkala kema ham bir vaqtda qo‘llanadi - USNS Mercy shifokorlarga yordam berish uchun AQShning g‘arbiy sohilbo‘yidagi portlardan biriga yuboriladi. Kemalar eng yangi tibbiy texnika, laboratoriyalar, jarrohlik zallari, tomograflar bilan jihozlangan. Ulardan har birida intensiv davolash uchun 80 ta o‘rin, qon bankalari va ichimlik suvi ishlab chiqarish uchun qurilma bor.

Biroq aytish joiz, ushbu kemalar avvalboshidan turli jarohatlar bilan ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, yangi virusga qarshi kurashda faqatgina yordamchi vazifalarni bajarishi mumkin. 

Olimlarning ta'kidlashicha, AQShda vaziyat qo‘ldan chiqarilgan – hukumat koronavirus tarqalishini sekinlashtirish uchun qat'iy choralarni o‘z vaqtida qabul qilmagan. Ikki hafta avval AQShda kasallanganlar soni bunchalik vahimali bo‘lmagan edi. The New York Times nashrining yozishicha, AQShda eng yomon voqealar rivojida  koronavirusdan 1,7 mln amerikalik vafot etishi mumkin. Agar cheklovchi choralar qabul qilinsa, qurbonlar soni 150-200 minggacha kamayishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: