Foto: Koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlarning bir guruhi o‘rin almashdi

O‘zbekiston 14:03 / 29.03.2020 46559

Bugun, 29 mart kuni Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasining koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashgan bir guruh tibbiyot xodimlari yuksak ehtirom bilan kuzatildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Endilikda ular o‘rnida tibbiyot xodimlarining navbatdagi guruhi faoliyat boshlashadi.

O‘z navbatida, shifoxonani tark etgan tibbiyot xodimlari 14 kun davomida izolyatsiya qilinadi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

«Davlatimiz rahbari ham so‘nggi kunlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan qator videoselektor yig‘ilishlarida, ikki marta xalqimizga yo‘llagan murojaatlarida ham shifokorlarimiz mehnatiga alohida e'tibor qaratdilar.

Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan ular faoliyatiga yuqori baho berilib: «Dunyo bo‘ylab, xususan, mamlakatimizda shifokorlarning o‘z kasbiga sadoqati, xalqimiz, ota-onalarimiz, farzandlarimiz sog‘lig‘i yo‘lida tunu kun qilayotgan mehnati barchamiz uchun jasorat namunasi bo‘lmoqda», deya o‘z hayoti va sog‘ligini garovga qo‘yib, pandemiya bilan kurashayotgan shifokorlar, hamshiralar, sanitar xodimlarga butun O‘zbekiston xalqi nomidan cheksiz minnatdorlik bildirganlari ham bejiz emas.

Shuningdek, Prezidentimizning «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorga ko‘ra, koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotda bo‘ladigan, bemorlar joylashtirilgan obektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilandi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Yana bir e'tiborli jihati, xalqimiz tomonidan tibbiyot xodimlari va koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda faol mehnat qilayotgan insonlarga dalda bo‘lishmoqda, imkon qadar qo‘llab-quvvatlashmoqda. Ushbu yuksak ehtirom koronavirus infeksiyasiga qarshi mardona kurashayotgan qahramon shifokorlarimiz uchun ulkan rag‘bat va kuch bo‘lishi shubhasiz», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
  • Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 15 mart kuni koronavirusdan zararlangan ilk bemor aniqlangandi. 29 mart holatiga ko‘ra, virusdan zararlanish holatlari 133tani tashkil qilmoqda. Shundan 2 kishi vafot etgan va 7 kishi sog‘aygan.

Prezidentning «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq:

koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan; zararlangan bemorlar joylashtirilgan obektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilandi:

  • vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga – 25 million so‘m;
  • o‘rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga – 15 million so‘m;
  • kichik tibbiyot xodimlariga – 10 million so‘m;
  • boshqa xodimlarga – 5 million so‘m.

Maxsus to‘lovlar karantin amal qiladigan muddat davomida, shu jumladan joriy yilning mart oyi uchun, xodimning har 14 kunlik faoliyat davri yakunida to‘lab beriladi.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasi  yuqtirib olgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga 100 million so‘m;

koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirish natijasida og‘ir ahvolga tushgan va sog‘lig‘i tiklanmagan taqdirda tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga yoki ularning oila a'zolariga esa 250 million so‘m miqdorida bir martalik to‘lovlar to‘lanadi. 

Ko‘proq yangiliklar: