Yangi qurilayotgan binolarda veloturargohlar barpo etish majburiy etib belgilanishi mumkin

Jamiyat 08:49 / 28.03.2020 3497

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida yangi qurilayotgan bino-inshootlar va turar-joy majmualarida veloturargohlar barpo etishni majburiy etib belgilash haqida petitsiya joylashtirildi.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda avtomobil yo‘llarida harakat ko‘payishi oqibatida shaxsiy transport vositasida qisqa masofaga borib kelish o‘zini oqlamaydi, bu yanada tirbandliklarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu holat boshqa arzonroq va kamchiqim transport vositalariga (ya'ni velosiped, samokat va h.k) ehtiyojni tobora oshirmoqda. 

“Ammo, ko‘p qavatli uy-joylarda bugun velosipedni saqlashning imkoni yo‘q. Taklifim shuki, eski va yangi qurilayotgan barcha ko‘p qavatli uylarda yopiq (tom va panjara) veloturargohlar qurishni majburiy qilish kerak”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Bildirilishicha, veloturargohlar avtoturargohlar kabi ko‘p joy va qurilish materiallarini talab etmaydi. Ularning usti profnastil va atrofi panjara bilan o‘ralib, shahar bo‘ylab tashkil etilayotgan videokuzatuv tarmog‘iga ulash kifoya etadi. 

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, yangi qurilayotgan bino-inshootlar va turar-joy majmualarida veloturargohlar qurishni majburiy etib belgilashni taklif qilamiz”, - deyiladi petitsiyada.

Ko‘proq yangiliklar: