Umumta'lim fanlaridan bilimni baholashning milliy test tizimi joriy etiladi

O‘zbekiston 10:02 / 28.03.2020 5294

Vazirlar Mahkamasining “Umumta'lim fanlaridan bilimni baholashning milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

2020 yil IV chorakdan boshlab bosqichma-bosqich bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumta'lim fanlaridan bilimni baholashning milliy test tizimi joriy etilishi mumkin.

2021/2022 o‘quv yili qabulidan boshlab, umumta'lim fanlari bo‘yicha milliy sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga oliy ta'lim muassasasi bakalavriatiga qabul test sinovlarida mazkur fandan belgilangan maksimal ball beriladi. Bunda, oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga qabul kvotalari doirasida tanlov chegarasida bir xil natija ko‘rsatgan sertifikatga ega abituriyentlar orasida sertifikat bo‘yicha yuqori ball olgan abituriyentga nisbatan ustuvorlik ta'minlanadi.

Umumta'lim fanlari bo‘yicha sertifikatlashtirish quyidagi muddatlarda joriy etilishi belgilanadi:

2020 yil IV chorakdan boshlab, ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyot, rus tili va adabiyot, qoraqalpoq tili va adabiyot) hamda matematika fanlari bo‘yicha;

2022/2024 yillarda kimyo, biologiya, fizika, geografiya va tarix fanlari bo‘yicha.

Umumta'lim fanlaridan bilimni baholash va davlat namunasidagi sertifikatni berish tartibini belgilovchi Umumta'lim fanlaridan bilimni baholash va sertifikat berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanadi.

Nizomga ko‘ra, umumta'lim fanlaridan bilimni baholash va davlat namunasidagi sertifikatni berish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan to‘lov asosida amalga oshiriladi, sertifikat elektron shaklda beriladi.

Sertifikat berish uchun talabgordan ariza berilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida to‘lov undiriladi.

Sertifikat test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 3 yil muddatga beriladi.

Umumta'lim fanlari bo‘yicha test topshiriqlari formati (fan mazmuni tarkibi, savollar soni, topshiriqlar turi, vaqt me'yori), baholash mezonlari, shuningdek, talabgor tomonidan to‘ldiriladigan ariza shakli Davlat test markazi tomonidan tasdiqlanadi va uning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Talabgor sertifikat olish maqsadida test sinovida qatnashish uchun abituriyentlar ma'lumotlari va arizalarini ro‘yxatga olish tizimi orqali elektron ariza berib, ro‘yxatdan o‘tadi.

Ro‘yxatdan o‘tish quyidagi hujjatlar asosida amalga oshiriladi:

shaxsni tasdiqlovchi hujjat: fuqarolik pasporti, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash guvohnomasi;

3,5 x 4,5 sm o‘lchamli oq fondagi rangli fotosuratning elektron shakli (tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash guvohnomasi bilan murojaat qilganda).

Talabgor uchun Davlat test markazining rasmiy veb-saytida shaxsiy kabinet yaratiladi.

Talabgor to‘lovni amalga oshirgandan so‘ng u ro‘yxatdan o‘tgan va Davlat test markazi bilan ommaviy oferta shartnomasi tuzilgan hisoblanadi.

Talabgor haqidagi ma'lumotlarning to‘g‘riligiga talabgorning o‘zi shaxsan javobgar hisoblanadi.

Davlat test markazi tomonidan talabgor to‘g‘risidagi shaxsga doir ma'lumotlar maxfiyligi ta'minlanadi. Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli davlat organi va sud tomonidan rasmiy murojaat bo‘lgan taqdirda ariza beruvchilar to‘g‘risidagi ma'lumotlar taqdim etiladi.

Test sinovini o‘tkazish joyi va sanasi Davlat test markazi tomonidan belgilanadi.

Test sinovini o‘tkazish sanasi u o‘tkaziladigan kundan kamida yetti kun oldin e'lon qilinadi.

Talabgor test sinovi o‘tkaziladigan sana va joy to‘g‘risidagi ma'lumotga o‘zining shaxsiy kabineti orqali ega bo‘ladi.

Talabgorning test sinovida belgilangan o‘tirish o‘rni Davlat test markazi tomonidan qur'a tashlash yo‘li bilan aniqlanadi va dalolatnoma rasmiylashtiriladi.

Test sinovi blankalarda yoki kompyuterda, tegishli dasturiy ta'minotdan foydalangan holda, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali masofadan o‘tkazilishi mumkin. Test sinovi Davlat test markazi tomonidan tasdiqlangan imtihon komissiyasi a'zolari va kuzatuvchilar ishtirokida o‘tkaziladi.

Imtihon komissiyasi yozma yoki og‘zaki sinovlar belgilanganda shakllantiriladi.

Imtihon komissiyasi tarkibi Davlat test markazi direktorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi, unga Davlat test markazi xodimlari va tajribali pedagoglar, malakali mutaxassislar kiritiladi.

Test sinovi tegishli dasturiy ta'minot asosida kompyuterda o‘tkazilganda barcha bo‘limlar qamrab olingan holda bir bosqichda amalga oshiriladi.

Test sinovi Davlat test markazi mas'ul xodimining rahbarligida va kuzatuvida o‘tkaziladi.

Test sinovi vaqtida har bir ish joyida bir nafar talabgor o‘tiradi. Test sinovini o‘tkazish jarayoni doimiy videotasvirga olinadi.

Test sinovini o‘tkazish uchun kuzatuvchilar jalb etilishi mumkin.

Test sinoviga jalb etilgan imtihon komissiyasi a'zolari va kuzatuvchilar bilan shartnoma tuziladi.

Talabgor shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida video qayd etish qurilmalari orqali tekshirishdan o‘tgach, test sinoviga qo‘yiladi.

Test sinovi o‘tkazilayotgan auditoriyaga har qanday qo‘llanma, adabiyot, telekommunikatsiya va texnika vositalarini olib kirish qat'iyan man etiladi. Test sinovini o‘tkazish jarayoniga turli xatti-harakatlar bilan salbiy ta'sir qilish: boshqa talabgorlar bilan muloqot qilish, savollar kitobi varaqlarini yirtish, savollar kitobini boshqa talabgorlarga berish, test sinoviga ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng yozishni davom ettirish, boshqa talabgorga birorta buyum uzatish taqiqlanadi. Ushbu talablarga rioya qilmagan talabgor sinovdan dalolatnoma bilan chetlashtiriladi. Chetlashtirish dalolatnomasi natijalarning hisoblanmasligiga asos bo‘ladi.

Test sinovlari natijalari ular yakunlangan kundan boshlab yigirma ish kunidan kechikmay Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: