Tibbiyot qo‘lqoplari bir martalik va ularni qaytadan ishlatish mumkin emas - Otabekov

O‘zbekiston 13:16 / 28.03.2020 8976

Bugun, 27 mart kuni AOKA qoshidagi maxsus shtabda tashkil etilgan onlayn brifingda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi rahbari Nurmat Otabekov  bozorlardagi sanitariya-epidemiologik nazorat haqida ma'lumot berdi. 

Nurmat Otabekovning qayd etishicha, hozir, ayniqsa, oziq-ovqat bozorlarida karantin cheklov tadbirlariga rioya etishni nazorat etish bo‘yicha alohida ko‘rsatma berilgan. Agar kim karantin qoidalarini buzgan bo‘lsa, ularga, albatta, chora ko‘riladi. 

«Biroq bir narsani unutmaslik kerak: bozorlarda SES xodimi degan shtat birligi yo‘q.  Bu har bir qonun buzish istagida bo‘lgan shaxsning tepasida sanitariya-epidemiologiya xodimlari nazorat qilib turishining imkoni yo‘qligini anglatadi. Shuning uchun o‘z-o‘zimizni, bir-birimizni nazorat qilishni kuchaytirishimiz kerak», - dedi Nurmat Otabekov. 

Shuningdek, Nurmat Otabekov fuqarolarni bozorlarda karantin qoidalari buzilayotganiga  guvoh bo‘lishsa, o‘sha yerda faoliyat yuritadigan ichki ishlar xodimlari yoki sanitariya-epidemiologiya markazi xodimlari, sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi tizimidagi muassasalarga murojaat qilishga va bu orqali qonunbuzar ustidan chora ko‘rishga erishishga chaqirdi. 

Bundan tashqari, Nurmat Otabekov tibbiyot qo‘lqoplarini necha marta ishlatish mumkinligi to‘g‘risidagi savollarga ham javob berdi. 

Tibbiyot qo‘lqoplari bir martalik va ularni yuvib qaytadan ishlatish mumkin emas. 

Lekin oshxonalarda ishlatiladigan xo‘jalik qo‘lqoplari ham mavjud bo‘lib, ularga maxsus rezina ishlatilgan, qalin va dag‘al bo‘ladi. Mana shunday xo‘jalik qo‘lqoplarini yuvib qaytadan ishlatish mumkin, tibbiyot qo‘lqoplarini esa bir marta ishlatgandan so‘ng tashlab yuborish kerak», - deya ma'lumot berdi  Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi rahbari.

Ko‘proq yangiliklar: