O‘zbekiston fuqaroligiga oid masalalarni ko‘rib chiqish tartibi ochiqlandi

O‘zbekiston 09:18 / 28.03.2020 7751

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga oid masalalarni ko‘rib chiqish tartibini belgilash to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e'lon qilindi. 

Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizom;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga qo‘shimcha 16 ta shtat birliklari ajratiladi.

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalari yuzasidan ariza va iltimosnomalar:

a) O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi shaxs tomonidan – hududiy ichki ishlar organiga;

b) O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashovchi shaxs tomonidan – O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarining konsullik bo‘limlari yoki konsullik muassasalariga topshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga soddalashtirilgan tartibda qabul qilish haqidagi iltimosnoma shaxsning O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha qayddan o‘tgan hududiy ichki ishlar organiga topshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish, tiklash va undan chiqish haqidagi iltimosnoma hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olish haqida ariza ikki nusxada to‘ldiriladi.

Ariza yoki iltimosnomaga ilova qilinayotgan hujjatlar ikki nusxada taqdim etiladi, ularning bir nusxasi hududiy ichki ishlar organida hujjat qabul qilingan vaqtdan boshlab yo‘q qilingunga qadar saqlanadi.

Ariza, iltimosnoma va so‘rovnoma qo‘lda yoki texnik vositalarni qo‘llagan holda to‘ldiriladi. Ularni to‘ldirishda qisqartirma yoki abbreviatura qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

So‘rovnomadagi javoblar to‘liq yoritilgan, hujjatlar matni tushunarli va tuzatishlarsiz bo‘lishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalari yuzasidan murojaat etgan shaxs o‘z shaxsi va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatini taqdim etishi lozim.

Shaxsi va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjati xizmat yoki ish faoliyati yuzasidan berilgan bo‘lsa, shuningdek diplomatik pasport taqdim etgan shaxslardan ariza va iltimosnomalar qabul qilinmaydi.

Shaxsning biografik ma'lumotlari (tug‘ilgan sanasi yoxud familiya, ismi yoki sharifi) o‘zgargan taqdirda, buni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi.

Ota-onasi yoki ulardan birining fuqaroligi o‘zgarganda ularning iltimosnomasiga ko‘ra, o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolaning fuqaroligi faqat uning yozma roziligi bilan o‘zgartirilishi mumkin.

Bola imzosining haqiqiyligi “Notariat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni talablariga muvofiq yoki konsullik muassasasi mas'ul xodimining imzosi va muhri bilan tasdiqlanadi.

Ichki ishlar organi yoki konsullik muassasasi mas'ul xodimi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilish, tiklash yoki undan chiqish uchun murojaat qilgan ariza beruvchi o‘z iltimosnomasida bolasini ko‘rsatib o‘tgan taqdirda, “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida” yangi tahrirdagi Qonunning 32-36 moddalari talablari bilan tanishtiriladi.

Ariza beruvchi tomonidan tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, pasport va (yoki) yashash guvohnomasi, nikoh tuzilganligi yoki nikoh bekor qilinganligi to‘g‘risidagi guvohnomalarning nusxasi taqdim etiladi.

Mas'ul xodim tomonidan ushbu hujjatlarning nusxalari asli bilan solishtirilib ichki ishlar organi yoki konsullik muassasasining muhri bilan tasdiqlanadi, hujjatlarning asli ariza beruvchiga qaytarib beriladi.

Taqdim etiladigan hujjatlar davlat tilida tuziladi.

Davlat tilida bo‘lmagan hujjatlar davlat tiliga tarjima qilinishi lozim. Tarjimaning to‘g‘riligi yoki tarjimon imzosining haqiqiyligi “Notariat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni asosida tasdiqlanadi. Ariza beruvchining iltimosiga binoan rasmiylashtirilayotgan hujjat matni rus tilida bo‘lishi mumkin.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoidalar belgilanmagan bo‘lsa, xorijdagi vakolatli organlar tomonidan berilgan hujjatlar, ularni O‘zbekiston Respublikasida haqiqiy hisoblash uchun legallashtirilgan bo‘lishi lozim.

Agar hujjatlarda apostil belgisi mavjud bo‘lsa, ularni legallashtirish talab etilmaydi.

Ariza yoki iltimosnomaga ilova qilinayotgan hujjatlar, o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilib, ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan paytdan e'tiboran ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan deb hisoblanadi.

Uzrli sabablar mavjud bo‘lganda notarial tartibda tasdiqlangan ariza ishonchli shaxslar orqali berilishi mumkin.

Ariza yoki iltimosnomaga ilova qilinayotgan hujjatlar o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilmaganligi, ariza beruvchi tomonidan shak-shubhasiz yolg‘on ma'lumot, haqiqiy bo‘lmagan va soxta hujjatlar taqdim etilishi, ariza va iltimosnomalarni qabul qilmaslik uchun asos hisoblanadi.

Ariza beruvchi tomonidan soxta hujjatlar taqdim qilganligi holati aniqlanganida, qonuniy qaror qabul qilish uchun tergov organiga yuboriladi.

Ko‘proq yangiliklar: