Buyuk Britaniyani tark eta olmayotgan O‘zbekiston fuqarolarining vizasi 31 maygacha uzaytiriladi 

O‘zbekiston 12:59 / 28.03.2020 8955

Tashqi ishlar vazirligi Buyuk Britaniyada bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga murojaat bilan chiqdi.

O‘zbekistonning London shahridagi elchixonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq holat tufayli Buyuk Britaniyaning Ichki ishlar vazirligi rasmiy portalida Birlashgan Qirollik hududida bo‘lib turgan chet el fuqarolarining vizalarini uzaytirish bo‘yicha yangi qoidalarni joylashtirdi.

Sayohat cheklovlari tufayli Buyuk Britaniyani tark eta olmayotgan va mamlakatda qolish uchun ruxsatnoma muddatlari tugayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vizalari 2020 yil 31 mayga qadar uzaytiriladi.

Buning uchun Buyuk Britaniya Immigratsiya xizmati bilan CIH@homeoffice.gov.uk elektron pochtasi orqali bog‘lanib, zarur ma'lumotlarni (to‘liq ismingiz, fuqaroligingiz, oldingi vizangiz raqami) berish hamda mazkur mamlakatdan hozirda chiqib keta olmayotgani sababini qisqacha tushuntirib berish kerak (masalan, chegaralarni yopiqligi). Arizachiga murojaat qabul qilinganligi va vizani uzaytirilganligi haqida tasdiqnoma yuboriladi.

Shuningdek, 31 mayiga qadar Buyuk Britaniyani tark etmasdan turib mazkur davlatda uzoq muddatli yashash ruxsatnomasini olish uchun onlayn murojaat etish ham mumkin. Bunday holda, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi o‘zgarmaydi va standart to‘lovni amalga oshirish talab etiladi.

Qo‘shimcha ma'lumot olish uchun 0800 678 1767 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin ekani aytiladi (ish kunlarida soat 09:00 dan 17:00 qadar).

Tashqi ishlar vazirligi Buyuk Britaniya hududidagi O‘zbekiston fuqarolariga zarur holatlarda mamlakatning London shahridagi elchixonasi huzuridagi Operativ shtab a'zolariga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan.

Ko‘proq yangiliklar: