Andijonda 4ta markaziy shifoxona karantinga olingan. Fuqarolarni qabul qilish boshqa shifoxonalarga ko‘chirildi

O‘zbekiston 15:26 / 28.03.2020 36167

Andijonda bir oila a'zolari – 3 nafar fuqaroda koronavirus aniqlangani, er-xotin va uning talaba qizida infeksiya tasdiqlangani xabar berilgan edi. 

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, kasallik tashxisi qo‘yilgan ayol 10-11 mart kunlari Qirg‘izistonning O‘sh shahrida va uning qizi ham Qirg‘izistonning O‘sh shahrida 10-18 mart kunlari bo‘lib, Andijonga qaytganlar.

Ayolning erida kasallik alomatlari aniqlanganidan so‘ng o‘tkazilgan tibbiy tekshiruv natijasida bir oilaning 3 ta a'zosida koronavirus aniqlangan. Ular hozirda maxsus shifoxonada ekani, umumiy ahvoli qoniqarli, alohida holatda tibbiy nazoratda davolanayotgani aytiladi.

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra ushbu 3 nafar koronavirus aniqlangan shaxslar tashrif buyurgan barcha tashkilotlar, ya'ni, Andijon shahrida joylashgan Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi, Andijon viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filiali va Andijon shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi zudlik bilan 14 kunga vaqtincha yopilib, karantin e'lon qilindi. 

Bemorning uyi, qarindoshlari, tanishlari, kasbiy muloqotda bo‘lgan shaxslar ham alohida nazoratga olindi”, - deyiladi xabarda.

Andijon viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining faoliyati karantinga olingani munosabati bilan Andijon shahar bolalar shifoxonasiga yuklatildi.

Andijon Davlat tibbiyot instituti klinikasi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialining faoliyati Andijon viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga berildi.

Andijon shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasining xizmat faoliyati karantin mobaynida Andijon shahrining boshqa 8 ta oilaviy poliklinikalariga taqsimlandi.

Andijonda tug‘ruqxonalar, tez tibbiy yordam – 103 xizmati, barcha poliklinikalar, barcha shifoxonalar, shuningdek, xususiy shifo maskanlari aholiga tibbiy xizmatni qat'iy tibbiy-sanitariya qoidalariga rioya qilib, chegaralangan holda davom ettirmoqda. 

“Koronavirusga gumon qilinganlarni telefon orqali muloqot, surishtiruv va xabarlar asosida maxsus himoyalangan tibbiy brigadalar tarkibidagi shifokorlar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazmoqdalar”, deb xabar bergan Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi.

Ko‘proq yangiliklar: