«Meliqo‘ziyev o‘rniga Madrimov boradi». Olimpiadaning yana ikki yo‘llanmasi uchun qaysi bokschilarimiz kurashadi?

Sport 17:38 / 27.03.2020 10910

Tokio-2020 Olimpiadasi koronavirus pandemiyasi tufayli Xalqaro olimpiya qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, 2021 yilga qoldirildi. Olimpiadadagi eng asosiy umidimiz bo‘lgan bokschilarimiz Iordaniyada o‘tgan Osiyo va Okeaniya saralash bosqichida 7ta yo‘llanmaga ega chiqishgandi. Oldinda yakuniy jahon bosqichida ham ikkita yo‘llanma uchun kurash olib boriladi. O‘zbekiston milliy jamoasining katta murabbiyi To‘lqin Qilichev Tribuna.uz sayti muxbiri bilan suhbatda yana qaysi charmqo‘lqop ustalarimiz Olimpiadaga borishi mumkinligini ma'lum qildi.

- To‘lqin aka, Iordaniyada o‘tgan Osiyo va Okeaniya saralash bosqichida Olimpiadaga 7ta yo‘llanmaga ega chiqdik. Turnir siz uchun qanday o‘tdi? Natijalardan qoniqdingizmi?

- Umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallaganimizni inobatga olsak, har doimgidek “planka”mizni tushirmaganimizdan qoniqdik. Lekin litsenziyamiz 2ta kam bo‘ldi, biz 100 foiz natija bo‘lishiga harakat qilgandik. Umuman olganda bu ham bizga o‘ziga xos motivatsiya beradi. Sababi yigitlarimiz qo‘ldan chiqarilgan ushbu ikki yo‘llanmadan to‘g‘ri xulosa qilib, keyingi safar har bir imkoniyatdan maksimal foydalanishga intilishadi. Bu ham yaxshilikka - har bir borilgan musobaqada barcha toifalarda yutib kelaversak, yigitlar «zo‘r ekanmiz», deb xotirjamlikka berilishlari ham mumkin. 

- Olimpiadaga yana ikkita yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkoniyati bor. Yakuniy saralash bosqichida o‘zbekistonlik qaysi bokschilar qatnashishi borasida bir qarorga kelindimi?

- Olimpiada o‘yinlariga hali yo‘llanma olmagan bokschilar o‘rtasidagi may oyida Fransiyada o‘tishi kerak bo‘lgan jahon saralash bosqichidagi turnir qoldirilgan. Bu saralash turnirining yangi mezboni va sanasi hali aniq bo‘lib ulgurmagan bo‘lsa-da, unda ham ikki bokschimiz bilan ishtirok etamiz. Hozirda 75 kg vazn toifasida Isroil Madrimov va 81 kg vazn toifasida esa Dilshod Ro‘zmetovlarning nomzodiga to‘xtalayapmiz. Yakuniy saralash bosqichi sanasi ma'lum bo‘lgunga qadar Isroil professional boksdagi faoliyatini davom ettiraveradi.

- Oldingi suhbatimizda Fransiyadagi turnirda 75 kg vazn toifasida Isroil Madrimov emas, Bektemir Meliqo‘ziyev qatnashishi haqida aytgan edingiz. O‘zgarishga nima sabab bo‘ldi?

- Xuddi shunday, dastlab Bektemir Meliqo‘ziyev ishtirok etishi rejalashtirilgandi. AQShda professional boks bilan shug‘ullanayotgan bokschimizga ruxsatnoma kelishi kerak edi, biroq kelmadi. Shu bois tavakkal qilolmadik va Isroil Madrimov qatnashadigan bo‘ldi.

Usmon Ibodov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: