Britaniyada koronavirus bor-yo‘qligini uy sharoitida tekshirishga imkon beruvchi test ishlab chiqildi

Jahon 08:19 / 27.03.2020 15956

Test Londondagi Bryunel universiteti, Lankaster universiteti va Surrey universiteti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan. Bu testning afzalligi shundaki, uni uy sharoitida o‘tkazish hamda kasallikni uning ilk alomatlari paydo bo‘lishidan avvalroq aniqlash mumkin. Bu haqda Tech Crunch nashri xabar berdi. 

Test mualliflarining ta'kidlashicha, u organizmda virusga antitanalarni emas, balki virus RNK borligini tahlil qiladi. Bu esa infeksiyani uning birinchi alomatlari paydo bo‘lishidan ancha oldin aniqlash imkonini beradi.

“Bu sizda koronavirus bor-yo‘g‘ligini uy sharoitida tekshirish mumkinligini anglatadi. Diagnostik qurilmani smartfonga ulab, foydalanuvchi o‘zida infeksiya bor-yo‘qligini bila oladi”, deb aytishgan olimlar.

Test negizida Filippinda tovuqlarda virus bor-yo‘qligini tekshirishda qo‘llangan texnologiya yotadi. Britaniyalik mutaxassislar bu texnologiyani odamlar uchun moslashtirishgan. 

Ayni vaqtda ushbu testni ommaviy ravishda ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. U bir necha hafta ichida sotuvga chiqarilishi kutilmoqda. Ushbu testning qo‘llanishi hozirda tekshirilmayotgan odamlarni qamrab olishga va pandemiyaning haqiqiy ko‘lamini baholashga imkon beradi.

Ko‘proq yangiliklar: