Rasmiylar uydan ishlashni tavsiya qilyapti. Buning uchun internet-paketlarga chegirma beriladimi?

Light 13:38 / 26.03.2020 30779

Karantin munosabati bilan jamoat transporti harakati cheklangan, masofadan turib ishlash qat'iyan tavsiya etilmoqda. Aftidan, ko‘plab muassasalarda ishchilar ta'tilga chiqishadi.

Aholining aksariyat qismi allaqachon internetga ulangan, biroq 23-24 mart kunlari internetga talab oshishi haqiqatga yaqin. Turli kasb egalari masofadan ishlashga o‘tishgach, uylariga ham internet ulatishlariga to‘g‘ri keladi.

Umuman olganda, karantin sharoitida internetga ulanishning eng xavfsiz yo‘li – mobil qurilmalar orqali. Uydan chiqishingiz ham shart emas...

Internet paketni sotib olib, telefon orqali kompyuterni ham internetga osongina ulash mumkin. Hech qanday ariza, kutishlar, internetga ulanish uchun qayerlargadir borish, mutasaddilar bog‘lanish kerak emas. Bularning barchasini telefoningiz yordamida 5 daqiqa ichida, uyda o‘tirgan holda amalga oshirishingiz mumkin. Shu jihatdan mobil internet – tez, qulay va eng muhimi xavfsiz.

Hozirgi sharoitda, ya'ni epedimiologik vaziyatda xodim uyda o‘tirishga va ofisda ishlashga majbur, bunday holatda fayllarni yuklab olish, yuborish va hokazolar uchun 200 va 500 MB bir kunga ham yetmaydi. Shu bois bunday kichik megabaytli paketlar haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas.

Kun.uz barcha uyali aloqa kompaniyalarining saytlarida internet-paketlarning narxlarini solishtirib ko‘rdi. Bir so‘z bilan aytganda, internetni bir oy muammosiz ishlatish uchun yetadigan, ya'ni 10-20 gigabaytli paketlar arzon emas.

Ehtimol, O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha tuzilgan respublika maxsus komissiyasi mobil internet narxlarini arzonlashtirish masalasiga ham e'tibor qaratishi kerakdir.

O‘z navbatida, O‘zbekistondagi uyali aloqa kompaniyalari va internet-provayderlar hech bo‘lmaganda karantin davrida «Uyda qol» deb nomlangan maxsus internet paketlarini ishlab chiqishlari mumkin. Bu – karantin davrida masofadan ishlashga majbur bo‘layotgan xodimlarning og‘irini anchagina yengillashtirgan bo‘lardi.

21 mart kungi brifingda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev ishtirok etib, qator savollarga javob bergan edi.

Tadbir davomida u internet aloqasining tezligi va sifatini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida gapirdi, lekin karantin davrida narxlarni arzonlashtirish bo‘yicha nimalar rejalashtirilayotgani haqida hech qanday ma'lumot bermadi.

Ko‘proq yangiliklar: