Namanganda virus aniqlangan ilk bemor bilan aloqada bo‘lgan 54 kishi izolyatsiya qilindi

O‘zbekiston 17:21 / 26.03.2020 48204

Namangan viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi viloyatda koronavirusga chalinish holati qayd etilishi bilan bog‘liq xabar yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, Namangan viloyatida 2020 yilning 24 mart kuni koronavirus infeksiyasi tarqalgan hududlardan kelgan, ya'ni koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan shaxslar bilan muloqotda bo‘lgani aniqlangan 30 kishi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga karantin kuzatuvi uchun yotqizilgan va ularning barchasidan virusologiya laboratoriyasiga tekshiruv uchun namunalar olingan.

Viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi virusologiya laboratoriyasi tahlil natijalariga ko‘ra, Namangan shahrida yashovchi 1 nafar fuqarodan olingan namunalarda koronavirus infeksiyasi borligi aniqlangan. 

«Olib borilgan epidemiologik surishtiruvlar jarayonida 1995 yilda tug‘ilgan ushbu fuqaro 2020 yil 12 mart kuni Istanbul-Toshkent TK-1368 reysi bilan O‘zbekistonga kelgan hamda 24 martgacha uy sharoitida tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy kuzatuvga olingani ma'lum bo‘ldi. Ushbu fuqaro tadbirkorlik uchun Turkiya davlatiga borib qaytgani aniqlandi», deyiladi Kun.uz’ga taqdim etilgan ma'lumotda. 

Hozirgi kunda ushbu fuqaro bilan oilaviy va yaqin muloqotda bo‘lgan 11 nafar fuqaro viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilib karantin kuzatuviga olindi. Shuningdek, u bilan ikkilamchi muloqotda bo‘lgan 43 nafar fuqaro maxsus jihozlangan izolyatorlarga joylashtirilgan.

Hozirda ularning sog‘ligi malakali mutaxassislar tomonidan nazorat qilib borilmoqda. 

Yuqoridagi 54 kishidan virusologik tekshiruv uchun namunalar olingan, hozirda laboratoriya tahlillari davom ettirilmoqda. 

«Ushbu fuqaro bilan muloqotda bo‘lganlarni aniqlash bo‘yicha epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda. Qo‘shimcha ma'lumotlar taqdim etiladi. 

Hurmatli viloyatimiz fuqarolari! Sizlarga televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlar orqali koronovirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha doimiy tavsiyalar berib borilmoqda, biz sizlardan tibbiyot xodimlari tomonidan berilayotgan maslahatlarga, tavsiyalarga amal qilishingizni, zarurat bo‘lmagan hollarda ko‘chaga chiqmaslikni, o‘zingiz va oila a'zolaringizda kasallikning biror alomati sezilganda xonadoningizga 103 telefon orqali tez tibbiy yordam shifokorlarini chaqirishingizni so‘raymiz», deydi viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi o‘rinbosari Davlatali Qosimov.

Eslatib o‘tamiz, 25 mart kuni Namangan shahriga kirish va shahardan chiqish to‘xtatildi.

Ko‘proq yangiliklar: