Bayden AQSh prezidenti lavozimi uchun yerto‘ladan kurash olib bormoqda

Jahon 01:11 / 26.03.2020 14165

Bu haqda The Washington Post nashri xabar berdi

Bu maqsadda Bayden tomonidan hordiq chiqarish uchun qo‘llangan yerto‘la televizion intervyular va videomurojaatlar olib borishga mo‘ljallangan studiya ko‘rinishiga keltirilgan. Nashrning ta'kidlashicha, bu yerda yozilayotgan kontentni sifatli deb bo‘lmaydi: Baydenning murojaati yozilgan fon yomon yoritilgani sababli, hattoki siyosatchining ba'zi tarafdorlari ham videoni terrorchilar ishtirokidagi videoga qiyoslashgan.  

Shuningdek, Bayden videoanjuman formatini qo‘llashga uringan. Biroq OAVda bu urinish ham muvaffaqiyatsiz deb topilgan, chunki translatsiya texnik muammolar bilan borgan va Facebook Live’da bor-yo‘g‘i 4 daqiqa davom etgan.  

Noyabrda 78 yoshni qarshilaydigan siyosatchi AQShda koronavirus epidemiyasi sababli bir necha haftadan beri o‘z uyida karantinga amal qilmoqda. Bu esa unga prezidentlik kampaniyasini olib borishida qiyinchilik tug‘dirmoqda. 17 martdan 23 martgacha esa Bayden umuman ko‘rinish bermagan. Bu orada amaldagi prezident, respublikachilardan asosiy nomzod Donald Tramp aksincha har kuni brifinglar o‘tkazmoqda va intervyular bermoqda.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Demokratlar partiyasidan nomzod bo‘lish uchun kurashda yetakchilik qilayotgan Baydenni 1215 ovoz beruvchi delegat, uning raqibi senator Berni Sandersni 910 delegat qo‘llab-quvvatlamoqda. Saylovlarda ishtirok etish uchun 1991 delegatning roziligini olish lozim. Respublikachilar orasida esa so‘zsiz Tramp yetakchilik qilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: