Andijon shahriga kirish va chiqishda cheklovlar joriy etildi

O‘zbekiston 13:30 / 26.03.2020 25236

«Viloyat aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta'minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish hamda koronavirus infeksiyasining viloyat hududi bo‘ylab tarqalishi oldini olish maqsadida viloyat hokimining 2020 yil 26 martdagi farmoyishi bilan, 2020 yil 27 mart kuni soat 00:01 dan boshlab, Andijon shahriga viloyatning barcha hududlaridan kirish va Andijon shahridan Respublikaning barcha hududlariga, shu jumladan viloyat tumanlariga chiqish har qanday transport vositalarida (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport) to‘xtatiladi», deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Andijon shahriga kirish va chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq hollarga, shuningdek, Andijon shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga Andijon shahriga kirish uchun, viloyat tumanlaridan Andijon shahridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat hokimining alohida topshirig‘iga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan mas'ul xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Belgilangan tartibdan boshqa zarurat bo‘lmaganda harakatlanuvchi transport vositalari qatnovi karantin muddati tugagunga qadar to‘xtatib turiladi.

  • tegishli boshqarma, idora va tashkilotlar tomonidan Andijon shahriga kirish va chiqish joylariga vaqtinchalik postlarning faoliyatini tashkil qilish va nazoratni yanada kuchaytirish;
  • shahar hududiga kirish va chiqish joylarini mutaxassislar bilan ta'minlash hamda teplovizorlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash; 
  • Andijon shahriga kirib kelayotgan va chiqayotgan har qanday yuk tashish mashinalari, xodimlar boshqaruvidagi avtomashinalarini majburiy dezinfeksiya qilinishini ta'minlash;
  • shahar hududiga kirish va chiqishga qo‘yilgan cheklovlarga qat'iy rioya etilishini hamda karantin qoidalarini buzgan shaxslarga o‘z vaqtida qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilishini ta'minlash;
  • Andijon viloyatida obodonlashtirish va qurilish ishlarida ishlayotgan quruvchilar, ishchilar va muhandislar uchun yotoqxona va zarur shart-sharoitlarni tashkil etish; 
  • tabiiy gaz, ichimlik suvi, elektr energiyasi, telefon aloqasi uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli, ikki oy davomida o‘chirilmasligini ta'minlash vazifalari yuklatildi.

Shuningdek, shahar va tumanlardagi dehqon bozorlari va oziq-ovqat do‘konlariga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, dorixonalarga dori-darmonlar va antiseptik vositalarni olib kirishda alohida maxsus ruxsatnoma asosida, yuk tashish mashinasi va mahsulotlarni dezinfeksiya qilgan holda kirishi ta'minlanadi.

Ushbu farmoyishga asosan, belgilangan tartib va intizom karantin muddati tugagunga qadar qonuniy kuchga egaligi bildirib o‘tilgan.

Ko‘proq yangiliklar: