4ta kodeks yangi modda bilan to‘ldiriladi

O‘zbekiston 09:29 / 26.03.2020 10560

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Unga asosan Jinoyat-protsessual kodeksi yangi modda bilan to‘ldirilishi kutilmoqda.

Unga ko‘ra, protsess ishtirokchilari va boshqa shaxslar, shuningdek jinoyat ishini yuritishdan manfaatdor bo‘lgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning vakillari yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi mansabdor shaxs, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, shuningdek sudga ular tomonidan qabul qilingan qarorlar bo‘yicha tushuntirish (huquqiy izoh) olish yuzasidan murojaat etishga haqlidir.

Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi mansabdor shaxs, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudlar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shaxslarning murojaatlarini o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqishga va ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha tushuntirish (huquqiy izoh) bilan birgalikda asoslangan javob yuborishga majbur.

Bunda javobdagi tushuntirish (huquqiy izohlar) davlat sirlari, tijorat siri yoki boshqa sirni o‘z ichiga olgan axborot bilan bog‘liq bo‘lmasligi lozim.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud protsessual majburlov chorasini qo‘llagan taqdirda, statistik kartochkalarning elektron shakllarini tuzish orqali protsessual majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxs va uning saqlanish joyi to‘g‘risida ma'lumotlarni “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimiga majburiy tarzda kiritadi.

Jinoyat ishlari, Kodeksning 84-moddasi birinchi qismi 1, 2, 3 va 8-bandlari va beshinchi qismiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etilgan tergovga qadar tekshiruv materiallari, sud muhokamalari hamda sud qarorlari ijrosi natijalari, ayblanuvchi va jabrlanuvchi tariqasida jalb etilgan ishtirokchilar, shaxsga nisbatan qo‘llanilgan protsessual majburlov choralari, shuningdek jinoyat ishi bo‘yicha boshqa ma'lumotlar statistik kartochkalarning elektron shakllarini tuzish orqali “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimiga kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasining 2011 yil 29 sentyabrda qabul qilingan “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi O‘RQ–298-sonli Qonunning 5-moddasi uchinchi qism bilan to‘ldiriladi.

Unga ko‘ra, ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlar va ularni saqlash joylari haqidagi ma'lumotlar statistik kartochkalarning elektron shakllarini tuzish orqali “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimiga tegishincha ushlab turish bayonnomasini tuzgan shaxs va qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqida qaror qabul qilgan sud tomonidan majburiy tartibda kiritiladi.

Fuqarolik protsessual kodeksi ham yangi modda bilan to‘ldiriladi.

Unda aytilishicha, ishda ishtirok etuvchi shaxslar yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib sudlarga ular tomonidan qabul qilingan qarorlar bo‘yicha tushuntirish (huquqiy izoh) olish yuzasidan murojaat etishga haqlidir.

Sudlar ishda ishtirok etuvchi shaxslarning murojaatlarini o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqishga va ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha murojaatdagi har bir holat bo‘yicha tushuntirish (huquqiy izoh) bilan birgalikda asoslangan javob yuborishga majbur.

Iqtisodiy protsessual kodeks yangi modda bilan to‘ldiriladi.

Qayd etilishicha, ishda ishtirok etuvchi shaxslar yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib sudlarga ular tomonidan qabul qilingan qarorlar bo‘yicha tushuntirish (huquqiy izoh) olish yuzasidan murojaat etishga haqlidir.

Sudlar ishda ishtirok etuvchi shaxslarning murojaatlarini o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqishga va ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha murojaatdagi har bir holat bo‘yicha tushuntirish (huquqiy izoh) bilan birgalikda asoslangan javob yuborishga majbur.

Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks ham yangi modda bilan to‘ldiriladi.

Unga muvofiq, manfaatdor shaxslar yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib ma'muriy sudlarga (sudlarga) ular tomonidan qabul qilingan qarorlar bo‘yicha tushuntirish (huquqiy izoh) olish yuzasidan murojaat etishga haqlidir.

Sudlar ishda ishtirok etuvchi shaxslarning murojaatlarini o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqishga va ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha murojaatdagi har bir holat bo‘yicha tushuntirish (huquqiy izoh) bilan birgalikda asoslangan javob yuborishga majbur.

Ko‘proq yangiliklar: