150 avtomobil ortilgan 50ta yuk mashinasi Ufada sarson bo‘lib yurgani haqiqatga zid – «O‘zavtosanoat»

O‘zbekiston 07:43 / 26.03.2020 75351

Andijonlik bloger Otabek Nuriddinov Telegram’dagi kanalida 150 Cobalt, Spark, Gentra mashinalari bilan ortilgan 50 ta yuk mashinasi 23 kundan beri Ufa shahrida sarson bo‘lib yurgani, mehmonxonada tunash uchun pullari yo‘qligi bois mashinada yotib yurgani haqida yozgan. “O‘zavtosanoat” AJ matbuot xizmatining yozishicha, bu ma'lumot haqiqatga zid.

“Kecha yordam so‘rab bir fura haydovchisi murojaat qilgandi. 2 mart kuni ortilgan mashinalar bilan Ufa shahriga yetib borishgan. Tamojnya bularni qabul qilmagan, chunki kutib olishi kerak bo‘lgan diler tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmagan.

Oradan bir necha kun o‘tib dilerning Rustam ismli ishchisi kelib, vaziyat bilan shug‘ullanishini aytgan va shu bo‘yi yo‘q bo‘lib ketgan. U 20 mart kuni qaytib kelgan va busiz ham og‘ir vaziyatda qolgan haydovchilar bilan qo‘pol muomalada bo‘lgan. Shu joyda janjallashib ketishgan va haydovchilar holatni videoga olishgan”, deb yozadi Otabek Nuriddinov.

Blogerning haydovchilarga tayanib ma'lumot berishicha, diler UzAuto Motors zavodiga mashina jo‘natmaslik haqida xat jo‘natgan, shunga qaramasdan Ufaga 50 yuk mashinasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 150 ta avtomobil jo‘natilgan. Dilerning vakillariga ko‘ra, avtozavod eksport statistikasini oshirish uchungina bu ishni amalga oshirgan.

“Ufadagi diler omborlari to‘laligini aytib, bironta ham mashinani qabul qilmagan. Hozirda “fura”larning bir qismi Moskvaga yo‘l olmoqchi, lekin u yerda ham mashinalar qabul qilib olinishiga kafolat yo‘q. Har bir “fura” uchun o‘rtacha 50-100$ atrofida kunlik to‘lov to‘lanishi kerak ekan. Bu degani har bir kun uchun 50 ta “fura”ga 2500-5000$. Endi buni 23 kunga ko‘paytirilsa... “Avtoprom”imiz qancha ziyon ko‘rayotganini tasavvur qilish qiyin emas”, deb yozadi Otabek Nuriddinov.

“O‘zavtosanoat” aksionerlik jamiyati matbuot xizmati AJ matbuot xizmati rahbari Zumrad Shojalilovaning Kun.uz’ga bildirishicha, kompaniyaga tuhmat qilgani uchun bloger ustidan huquq-tartibot organlariga ariza kiritilgan.

“Yuqorida ko‘rsatilgan xabar haqiqatga zid bo‘lgani sababli biz muallif ustidan huquq-tartibot organlariga murojaat qilishga majbur bo‘ldik. O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 40-moddasi V Bobiga muvofiq Tuhmat, ya'ni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Bu haqda post muallifi shaxsiy xabarnoma orqali xabardor qilingan”, deydi u.

Avvalroq “O‘zavtosanoat” UzAuto Motors yengil avtomobillarning yangi narxlarini e'lon qilganidan so‘ng mashinalarga talab pasayish o‘rniga ko‘payganini ma'lum qilgan, biroq oldingi oyda ko‘rsatkichlar qanday bo‘lgani haqidagi ma'lumotlarni taqdim etmagan, natijada kompaniya bergan ma'lumotlarni solishtirish imkoniyati bo‘lmagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: