«Yuve» xaloskoriga aylangan Ronaldu va o‘ziga rom etayotgan «Latsio». A Seriya koronavirusgacha nimasi bilan yodda qoldi?

Sport 19:06 / 25.03.2020 10297

Hozirga kelib Italiya koronavirus pandemiyasining o‘chog‘iga aylanishga ulgurdi. Mamlakatda futbol haqida o‘ylash hech kimning xayoliga ham kelmayapti. Bunga Milandagi moda haftaligiga tashrif buyurgan xitoyliklar sababmi yoki italiyaliklarning sayohatga moyilligimi? Bunisi bizga qorong‘u. Lekin shu narsa aniqki, Apennin yarim oroli favqulodda vaziyatga moslashib bo‘ldi. Virus esa chekinishni istamayapti.

 Italiya koronavirus qurbonlari soni bo‘yicha allaqachon Xitoyni ortda qoldirdi, o‘lim holatlari esa kundan-kunga ortib bormoqda. Afsuski, pandemiya futbolga ham o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmadi. Birgina «Sampdoriya» klubining 15 nafar xodimida virus aniqlandi, ularning 9 nafari futbolchilardir. Koronavirusga chalingan ilk taniqli futbolchi – «Yuventus» himoyachisi Daniyele Rugani bo‘ldi, keyinchalik uning jamoadoshlari Blez Matyuidi va Paulo Dibala ham infeksiya yuqtirib olgani ma'lum bo‘lgandi. Shundan so‘ng qolgan o‘yinchilar darhol izolyatsiyaga olindi.

 Italiya chempionati to‘xtatilganiga qaramay, «Napoli» 25 mart kuni mashg‘ulotlarni boshlashini e'lon qilgandi, biroq Italiya futbolchilari assotsiatsiyasi prezidenti Damiano Tommazi ushbu tashabbusda hech qanday mantiq yo‘qligini aytdi. Uning ta'kidlashicha, virusni yuqtirib olgan futbolchilarga qaraganda, hali aniqlanmaganlari ko‘proq. Bunday holatda mashg‘ulotlarning boshlanishi – o‘zi va o‘zgalar hayotini xavfga qo‘yish bilan barobardir. Umuman olganda esa A Seriyaning yozda davom ettirilishiga ham asosli shubhalar bor. Shunday ekan, keling, tanaffusdan oldin Italiya futbolida nimalar bo‘lganini eslaymiz.

 O‘yini qovushmayotgan «Yuve»

Uzoq vaqt davomida Italiya futbolida «Yuventus»ning «taxt»dan ag‘darilishi bunchalik yaqin bo‘lmagandi. «Keksa sinora»ga «Napoli» va «Roma» qarshilik qilgan yillar bo‘lgan, ammo baribir yakunda turinliklar oltin medallarga ega chiqaverishgan. «Yuventus» hamma vaqt qolgan jamoalar fonida zirhli mashina kabi ko‘rinardi. Jamoa boshqaruviga «keksa sinor» – Mauritsio Sarri kelgach, garchi klub turnir jadvalida yetakchilik (26ta o‘yinda bor-yo‘g‘i 3ta durang va xuddi shuncha mag‘lubiyat) qilayotgan bo‘lsa-da, jamoaning o‘yinida qandaydir tushkun kayfiyat bor. G‘alabalarning aksariyati individual mahorat evazigagina qo‘lga kiritilmoqda, oldindan o‘ylangan kombinatsiyalar haqida esa gapirishning ham hojati yo‘q. Maydon markazida Miralem Pyanich jamoa o‘yiniga uyg‘unlik bag‘ishlay olmayotgan bo‘lsa (22ta o‘yinda atigi 2ta assist), Blez Matyuidi va Sami Xediraning yoshi o‘tmoqda, qanotlarda Xuan Kuadrado va Duglas Kostadan aytarli hech qanday naf bo‘lmayapti (ikkilasining hisobida 1ta gol). Barchasini Paulo Dibalaning har zamonda sodir bo‘ladigan «portlashlari» (7ta gol va 4ta assist) va Krishtianu Ronalduning doimiy faolligi hal qilib bermoqda. «Yuve»ning A Seriyadagi gollarining deyarli yarmi portugaliyalik futbolchining hisobiga yozilgan.

 O‘ziga rom etayotgan «Latsio»

Futbolchilarining mahorati evaziga yuqori o‘rinlarni egallab kelayotgan «Yuventus»ga munosib qarshilik ko‘rsatayotgan «Latsio» alohida e'tiborga loyiqdir. Rim «burgutlari» o‘zlarining noodatiy va romantik futboli bilan butun Italiyani zabt etishdi. Faqat «Yuve» va «Roma» muxlislari Simone Indzagi boshqaruvidagi jamoaning chempion bo‘lishini istamasa kerak. Italiyada ham «Liverpul»ga o‘xshash jamoa paydo bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Inzagining Kloppniki kabi yulduz futbolchilari bo‘lmasa-da, ammo ular o‘z vazifalarini maksimal darajada bajarishmoqda.

Maydon markazida o‘yin tizginini Sergey Milinkovich-Savich ushlab turibdi. Serbiyalik futbolchi har bir o‘yinda o‘zining samarali harakatlari bilan yaqqol ajralib turadi. U raqib futbolchilaridan to‘pni olib qo‘yib, jamoasining hujumlarini boshlashda jonbozlik ko‘rsatmoqda. Ammo jamoada asosiy dirijyor rolini Luis Alberto bajarmoqda. Vaqtida «Liverpul» voz kechgan ispaniyalik yarimhimoyachi o‘zining beqiyos to‘p uzatishlari bilan futbol ixlosmandlarining hayratiga sazovor bo‘lmoqda. Uning standart vaziyatlardan foydalanishi esa taqsinga loyiq. Luis Alberto 12ta golli uzatma bilan A Seriyaning eng yaxshi assistenti bo‘lib to‘ribdi. Italiya chempionatining eng yaxshi to‘purari – Chiro Immobile esa Albertoning uzatmalaridan oqilona foydalangan holda, o‘z hisobiga 27ta gol yozdirib qo‘ydi. Hozirda Yevropaning bir qancha yetakchi klublari Immobileni o‘z safiga qo‘shib olish niyatida ekanini bildirishgan. Bundan tashqari, Xoakin Korrea (7ta gol) va Felipe Kaysedo (8ta gol) kabi iste'dodli futbolchilar ham o‘zlarining yorqin o‘yinlari bilan «Latsio»ning g‘alabasiga o‘z hissalarini qo‘shishmoqda.

 Kontening qayg‘usi va Gasperinining quvonchi

Mavsum boshida «Inter»ning ishlari ko‘ngildagidek boshlangandi. Antonio Konte kelgach, u futbolchilarga o‘z falsafasini singdira oldi. Qanotlardan uyushtiriladigan tezkor hujumlar va oldingi chiziqdagi ikki forvard – Lautaro Martines va Romelu Lukaku mavsumning boshidanoq yorqin taassurotlar qoldirgandi. Avvaliga barchasi reja bo‘yicha ketayotgandi, olti o‘yinda oltita g‘alabaga erishildi. Ammo asta-sekin «Inter»ning azaliy muammosi – barqarorlik jamoaga pand bera boshladi. Klub Chempionlar ligasidagi ishtirokini yakunlagach, mamlakat chempionatida ham ketma-ket uchta o‘yinda murosa yo‘lini tanlashga majbur bo‘ldi. Raqiblar esa «Lechche», «Kalyari» singari o‘rtamiyona jamoalar edi. Shunday qilib, oltin medallar uchun da'vogarlik qilayotgan «Inter» «Yuventus»ni yetib olishga intilayotgan jamoaga aylandi. Peshqadamlardan 9 ochkoga ortda qolayotgan «neradzurri» zaxira o‘yini borligiga qaramasdan, chempionlik uchun kurashdan deyarli chiqib bo‘ldi.

 «Atalanta» ko‘rsatayotgan natijalar allaqachon sensatsiya sifatida sanalmayapti. O‘tgan mavsumda ham Gasperini qo‘l ostidagi jamoaning o‘ziga xos o‘yiniga guvoh bo‘lgandik. Agar Ilichich, Muriel, Gomes va Zapata o‘zlari istashgandek o‘yin ko‘rsata olishsa, raqib jamoa himoyachilari uchun jiddiy boshog‘rig‘i bo‘lishlari aniq. Bunga biz Chempionlar ligasining 1/8 finalida «Valensiya»ga qarshi kechgan o‘yinlarda guvoh bo‘ldik. Klubning A Seriyadagi ishtiroki ham chakki emas, Bergamo klubi «Torino», «Udineze» va «Lechche» darvozalariga yettitadan to‘p kiritdi va oldingi chiziqdagi imkoniyatlari bilan bemalol maqtanishi mumkinligini isbotladi. Ta'kidlash joizki, bergamoliklar hisobida 70ta gol bor, bu «Latsio»ning gollaridan 10taga ko‘proqdir. Bundan tashqari, «Milan» va «Parma» ham yirik – 5:0 hisobida mag‘lub etildi. Shunga qaramay, Gasperini shogirdlari turnir jadvalining to‘rtinchi pog‘onasida borishmoqda. Hujumkor o‘yinni ma'qul ko‘radigan «Atalanta»ning joriy mavsumdagi ishtirokiga omad tilagan holda, jamoani kelasi mavsumda ham YeChLda ko‘rishni xohlagan bo‘lardik.

 Nomdor o‘rtamiyonalar

Dastlabki to‘rtlikdan so‘ng «Roma», «Milan» va «Napoli» bormoqda. Avvaliga bu jamoalarning ham imkoniyatlari yuqori baholangan edi. Paulu Fonseka ustozlik qilayotgan «Roma»da himoyaviy o‘yin borasida qator kamchiliklar mavjud. Fonseka «Shaxtyor»da ishlagan vaqtida ushbu jihat ko‘zga tashlanardi. «Bo‘rilar»ning o‘yini asosan Klyuyvert, Perotti, Peres, Mxitaryan va Pastorening ijodkorligi atrofida qurilgan. Himoyadagi muammolarni inobatga olmaganda, bu hozircha yomon natija bermayapti. Fikrimizcha, «Roma» Yevropa ligasi yo‘llanmasini ortiqcha qiyinchiliklarsiz qo‘lga kiritadi. Biroq fevral oyidagi ketma-ket mag‘lubiyatlar Chempionlar Ligasi uchun «Atalanta» bilan kurashda jamoaga qimmatga tushishi mumkin.

Italiya chempionatining joriy mavsumida eng beqaror o‘yin namoyish etayotgan jamoalari – «Milan» va «Napoli». Bunga misol tariqasida chempionat startidagi omadsiz seriyalar va tanaffusdan oldingi muvafaqqiyatli o‘yinlarni keltirish mumkin. Ikkala klub ham mavsumning aksariyat qismini kuchli o‘ntalikda o‘tkazishdi. «Napoli» boshqaruviga Jyennaro Gattuzo kelgach, u jamoaning o‘yiniga jo‘shqinlik bag‘ishladi. Dris Mertens, Lorenso Insine, Arkadiush Milik kabi futbolchilar ajoyib o‘yin namoyish etishmoqda. Neapolliklar tanaffusgacha ketma-ket uchta g‘alaba qozonib, oltinchi o‘ringa ko‘tarilib olishdi. Aytish mumkinki, «Napoli» karantindan eng ko‘p aziyat chekkan jamoa bo‘ldi.

Mamlakatning eng nomdor klublaridan biri «Milan» ham yevrokuboklarda ishtirok etish uchun yaxshi imkoniyatlarga ega. Milanliklar Yevropa ligasining so‘nggi yo‘llanmasiga ega bo‘lib turgan «Napoli»dan uch ochkoga ortda qolishmoqda. «Rossoneri»ning o‘ziga xos qahramoni – Zlatan Ibrahimovich klubga qaytgach, jamoaning o‘yini sezilarli darajada kuchaydi. Shvetsiyalik futbolchi go‘yoki, jamoadan ketmagandek, kelishi bilan yetakchilikni o‘z qo‘liga oldi. Uning yonida esa Ante Rebich faol o‘yin ko‘rsata boshladi. 26 yoshli xorvatiyalik hujumchi so‘nggi olti tur davomida olti bor raqiblar darvozasini ishg‘ol etdi, bungacha u asosiy tarkib o‘yinchisi ham emas edi. Aynan uning gollari «Udineze», «Breshia» va «Torino» ustidan qozonilgan g‘alabalarni ta'minlab berdi. Hujum chizig‘ida Ibrahimovich va Rebich tandemi yaxshi natija berayotgan bo‘lsa, Hoqon Chalhano‘g‘li va Frank Kessi maydon markazidagi ishonchli harakatlari bilan jamoa g‘alabalarida katta hajmdagi ishni amalga oshirishmoqda. Bunday ajoyib tarkibga ega Piolining jamoasidan ko‘p narsa kutish mumkin. Hozircha natijalar yaxshilanmoqda va klub Yevropa Ligasi uchun kurashga qo‘shildi.

Ko‘proq yangiliklar: