Toshkentda ichki ishlar bo‘linmalari binolarida fuqarolar qabuli to‘xtatildi. Tergov harakatlari videokonferensiya tarzida olib boriladi

O‘zbekiston 13:18 / 25.03.2020 8731

Koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish bo‘yicha joriy etilgan tartib munosabati bilan Toshkent shahar IIBB Markaziy apparati va uning hududiy bo‘linmalari binolarida fuqarolar va yuridik shaxslar vakillarining qabullari vaqtinchalik to‘xtatildi.

Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, barcha murojaatlar elektron ko‘rinishda elektron pochta (telegram-bot) orqali qabul qilinmoqda:
 
Toshkent shahar IIBB: info@iibb.uz;

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi: @passport_viza;

Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi: Yhxb.iibb.uz (saytda fuqarolar murojaati rukni mavjud).

Shuningdek murojaatlar quyidagi telefon raqamlari orqali qabul qilinadi: 71-281-93-34, 71-281-94-18 yoki O‘zbekiston Respublikasi IIV “ishonch raqami” 1102 orqali.

Shu bilan birga, ma'lum qilinishicha, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi va uning tuman bo‘linmalari tergovchilariga jinoyat ishi bo‘yicha tergov jarayoni qatnashchilarini ichki ishlar organlariga faqatgina kechiktirib bo‘lmas tergov harakatlarini o‘tkazish uchun olib kelishlari mumkin. Texnik imkoniyatlar mavjud bo‘lgan taqdirda barcha tergov harakatlari O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga muvofiq videokonferensiya tarzida, ichki ishlar organlarining ma'muriy binolariga jarayon qatnashchilari bo‘lmagan shaxslarni kiritmagan holda olib boriladi.

Ushbu vaqtinchalik cheklovlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori va davlat sanitariya nazorati organlarining tegishli tavsiyalari ijrosiga muvofiq joriy etilgani aytiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: