To‘lovlarni naqd pulsiz va kontaksiz amalga oshirish lozim - MB

Iqtisodiyot 16:00 / 25.03.2020 16820

«Birinchi navbatda aholimiz va tadbirkorlik sub'yektlari uchun masofaviy bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda. Ayniqsa ushbu xizmatlar barcha banklar tomonidan abonent to‘lovisiz amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, hozirda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar, ya'ni soliq to‘lovchilar tomonidan Soliq qo‘mitasi sayti shaxsiy kabinetidan turib, soliqlarni onlayn to‘lash imkoniyati yaratilgan. Uni uzluksiz amalga oshirish bo‘yicha Markaziy bank va Soliq qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan zaruriy ishlar olib borilmoqda», dedi Ulug‘bek Mahmudov UzReport telekanali orqali efirga uzatilgan brifingda.

Ulug‘bek Mahmudovning ta'kidlashicha, respublika bo‘yicha tezkor to‘lov tizimlaridan foydalanishning ommabopligini oshirish choralari amalga oshirilmoqda. Biznes sub'yektlariga 24/7 rejimida to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

«Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, to‘lovlarni amalga oshirishda naqd pullardan foydalanish virus tarqalishiga olib keluvchi kanallardan biri bo‘lishi mumkin. Shundan kelib chiqqan holda, Markaziy banknnig hududiy bosh boshqarmalaridagi va tijorat banklardagi naqd pullar sanaladigan pul omborlari va qayta sanash kassalaridagi sanitariya-epidemiologik tashkilotlar tomonidan vaqti-vaqti bilan haftada 1-2 marta dezinfeksiya qilinyapti. Biroq bankdan chiqqan pullarning muayyan vaqt davomida fuqarolar qo‘lida muomalada yurishi, banknotalarning qo‘ldan qo‘lga o‘tishi oqibatida banklar kelib tushishi uzoq vaqtga cho‘zilishi ehtimoli yuqori», dedi Ulug‘bek Mahmudov.

Shuning uchun karantin vaqtida onlayn xizmatlardan foydalanish, to‘lovlarni naqd pulsiz shaklda amalga oshirish, kommunal to‘lovlarni mobil ilovalar orqali to‘lash imkoniyatlari yaratilgan. Ana shularni inobatga olgan holda fuqarolar va tadbirkorlardan to‘lovlarni naqd pulsiz va kontaksiz shaklda amalga oshirish so‘raldi.

Ko‘proq yangiliklar: