Senatda ma'qullangan yangi qonun bo‘yicha Advokatlar palatasi munosabat bildirdi

O‘zbekiston 11:46 / 25.03.2020 25359

Oliy Majlis Senati 24 mart kuni uchinchi yalpi majlisda “Fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini muhofaza qilishga qaratilgan qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ma'qulladi.

Ushbu Qonun bilan “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi, “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunlarga va Jinoyat-protsessual kodeksga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, prokurorning roziligi bilan advokatning telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali amalga oshiriladigan so‘zlashuvlari, uzatiladigan xabarlari va ma'lumotlarini nazorat qilish belgilanmoqda.

Amaldagi tartibga muvofiq, qonun prezident tomonidan imzolanganidan so‘ng rasmiy yuridik kuchga ega bo‘ladi.

Bu xabar Internet orqali tarqalgach, advokatlar orasida bezovtalik paydo bo‘lgan. Ko‘pchilik, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar va advokatura sohasining nufuzini oshirishga qaratilgan sa'y-harakatlar fonida ilg‘or xalqaro me'yorlar va oliy sudlov qadriyatlariga zid bo‘lgan mazkur yangi normalarning qabul qilinayotganini ajablanish bilan qarshi olmoqda.

Yangi normalar nafaqat mazmunan, balki qabul qilinish tarzi bilan ham xavotirlarga sabab bo‘ldi. Zero, yuqorida nomi keltirilgan qonunning normativ huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida (regulation.gov.uz) muhokama qilingani to‘g‘risida ma'lumot yo‘q. Qolaversa, prezidentning “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, advokatlik faoliyati va sud ishini yuritish bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari Advokatlar palatasi bilan kelishilishi shart.

Advokatlar palatasi raisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qonun loyihalarini muhokama qilish bo‘yicha majlislarida ishtirok etish va ularga doir fikr bildirish huquqiga ega.

Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi raisi Alim Ernazarov mazkur qonun advokatlar hamjamiyati bilan hisoblashmasdan qabul qilinayotganidan norozilik bildirgan.

“Albatta, bugun Senat tomonidan ma'qullangan, advokatlik faoliyatimizga tegishli o‘zgarishlarga mening ham qat'iy e'tirozim borligini bildiraman. Bu holatdan, advokat va Advokatlar palatasi raisi sifatida - noroziman. Qonun hujjatlarida, advokatlarga tegishli qonun hujjatlari loyihasi, Advokatlar palatasi raisi tomonidan imzolanishi (rozilik olinishi) belgilangan. Biroq, qonunchilarimiz tomonidan bu tartibga rioya qilinmadi. Ya'ni, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi rais Alim Ernazarov, yuqorida eslangan qonun loyihasiga imzo (viza) qo‘ymagan.

O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi, advokatlarimiz jipsligida advokatlik faoliyatida xalqaro standartlarni tatbiq etishga harakat qiladi”, deyiladi raisning advokatlarga murojaatnomasida.

Ko‘proq yangiliklar: