«Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident farmonida YaTTni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish uchun har oyda to‘lab boradigan ikkita soliq bo‘yicha imtiyozlar birildi. Bu imtiyozlar 2020 yil 1 apreldan 1 oktyabrga qadar amal qiladi.
- barcha YaTTlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 50 foizga kamaytirildi. Ya'ni, hozirda YaTT soliqqa har oyda 223 ming so‘m to‘lab kelayotgan bo‘lsa, endi 111,5 ming to‘laydi. Bu me'yor markazlashgan holda DSQ tomonidan dasturiy mahsulga tegishli o‘zgartirish kiritish orqali amalga oshiriladi va 1 apreldan boshlab avtomatik tarzda ijtimoiy soliq 50 foizga kamaytirilgan holda hisoblanadi.
- faoliyati turizm sohasi bilan bog‘liq YaTTlardan olinadigan daromad solig‘ining qat'iy belgilangan summalarini 30 foizgacha kamaytirish masalasi belgilandi. Bu me'yor joylardagi Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari qarori orqali amalga oshiriladi.
YaTTlar ushbu soliqqa faoliyat turi va faoliyatini amalga oshirish joyiga qarab 50 ming so‘mdan 750 ming so‘mgacha soliq to‘laydi.
Mol-mulk, yer va suv soliqlari bo‘yicha qarzdorlik undirilmasligi, penya hisoblanmasligi ham avtomatik ravishda amalga oshiriladi. Agar, ushbu mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni to‘lash bo‘yicha foizlarni undirmasdan 6 oyga kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyatga ariza bilan murojaat qilish kerak bo‘ladi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar uchun ham soliq imtiyozlari berilishi bo‘yicha ma'lumot berildi.
Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi korxonalari tovar aylanmasi 1 mlrd so‘mdan kam bo‘ladigan bo‘lsa, aylanmadan olinadigan soliq to‘laydi. Agar ko‘p bo‘lsa QQS to‘lovchisi bo‘ladi. Asosiy faoliyati, ya'ni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va saqlash bilan bog‘liq mol-mulklar bo‘yicha mulk solig‘i to‘lamaydi. Yer solig‘i hisobotini 1 mayga qadar taqdim etadi. Lekin soliq summasining 30 foizini
1 sentyabrga qadar, qolgan qismini (70 foizini) 1 dekabrga qadar to‘laydi.
Suv solig‘i 2020 yilda o‘rnatilgan stavkalarga ko‘ra, 1 kub metr uchun yer usti suv resurslaridan foydalansa 140 so‘m, yer osti manbalaridan foydalansa, 170 so‘m to‘lanishi kerak. Prezident farmoni bilan ushbu soliq bo‘yicha stavka, ya'ni qishloq xo‘jaligidagi yerlarni sug‘orish uchun foydalaniladigan hajmlar bo‘yicha 50 foizga pasaytiriladi.