Ispaniyada yangi rekord, Italiyada yanada keskin choralar. So‘nggi ma'lumotlar

Jahon 23:39 / 25.03.2020 140115

So‘nggi bir kunda Ispaniyada Covid-19 738 kishi umriga zomin bo‘ldi, mamlakatda virus qurbonlari soni 3434 nafarga yetdi va bu bo‘yicha Ispaniya Xitoyni ortda qoldirdi. Mamlakatda koronavirus tarqala boshlaganidan buyon 47610 kishi virus yuqtirib olgan, ulardan faqat 5367 kishi sog‘ayib ketgan.

Pandemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat esa Italiya. Apennin yarimorolida karantin qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilgan. Koronavirus tashxisi qo‘yilgan odamlar izolyatsiya rejimini buzgani uchun bir necha ming yevro jarima to‘laydi va hatto 5 yilgacha qamalishi mumkin. Mamlakat bosh vaziri Juzeppe Konte karantin iyul oyiga qadar uzaytirilishi to‘g‘risidagi xabarlarni rad etdi, uning va'da qilishicha, karantin imkon tug‘ilgan zahoti to‘xtatiladi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Italiyada koronavirusdan yana 683 kishi vafot etdi va virus qurbonlari soni 7503 nafarga yetdi, so‘nggi bir kunda yana 5210 kishi virus yuqtirgan va jami holatlar 74386taga yetgan.

Fransiya dunyoda Covid-19’dan halok bo‘lganlar soni bo‘yicha beshinchi o‘rinda - 1100 kishi. Mamlakat Sog‘liqni saqlash bo‘yicha bosh direksiyasi rahbari Jyerom Salomonning so‘zlariga ko‘ra, bemorlarning soni yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin, chunki statistikada faqat shifoxonada vafot etganlar keltiriladi. Tibbiyotchilar hukumatga karantinni bir yarim oyga uzaytirishni taklif qilishmoqda.

Chorshanba kuni Covid-19 tufayli Hindistonda uch haftalik karantin boshlandi. Hukumat 1,3 mlrd kishiga 21 kun mobaynida uydan chiqishni taqiqlagan. BBC muxbiri xabar qilishicha, hindlar karantin arafasida vahimaga tushib, do‘konlarni ship-shiydam qilishgan.

Hindistonda karantin o‘xshashi yo‘q amaliyot bo‘lib, eng jiddiy zarbani quyi qatlam qabul qilib oladi: xizmatchilar, ko‘cha savdogarlari va qurilishlarda ishlaydiganlar. Ular mamlakatda mehnat bozorining asosini tashkil qilishadi, lekin ular tibbiy sug‘urtaga ega emas, ularda haq to‘lanadigan ta'tilga chiqish imkoni yo‘q.

Bir qancha shtatlar - jumladan, Uttar Pradeshda aholi juda tig‘iz yashaydi, ushbu mamlakatdagi eng qashshoq shtat - to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy yordamga muhtojligini e'lon qilgan.

GETTY IMAGES
  • Chorshanba kungi ma'lumotlarga ko‘ra, jahondagi 190dan ortiq mamlakatda virusdan zararlanganlarning jami soni 450 mingdan oshgan, 113 mingdan ortiq kishi tuzalgan, o‘limlar soni 20 494 nafar.

Bu vaqtda Osiyo moliya bozori AQSh prezidenti Donald Tramp va Senat aholi va biznesga 1,8 trln dollar miqdorida yordam ajratishi haqidagi xabarga ijobiy reaksiya berdi.

Chorshanba kuni yaponlarning Nikkei birjasi indeksi 7,9 foizga, Hongkongda Hang Seng indeksi - 3,4 foizga, Avstraliyada ASX indeksi - 5 foizga o‘sdi.

GETTY IMAGES

Shu tariqa, moliyaviy bozordagi davomiy xavotirlardan keyin investorlar AQShda tasdiqlangan moliyaviy yordam paketi karantin tufayli butun dunyoga iqtisodiy zarba ta'siri kamayishiga umid qilishmoqda

Seshanba kuni prezident Donald Tramp matbuot anjumani vaqtida «tunnel oxirida yorug‘lik ko‘rayotgani» va mamlakat aprel oyida o‘tkaziladigan Pasxa bayramlarigacha koronavirusdan forig‘ bo‘lishini kutayotgani haqida gapirdi.

Shu bilan birga, Nyu-York gubernatori shtatda kasallik haddan tashqari tez tarqalayotgani haqida gapirdi, JSST vakili esa AQSh pandemiyaning yangi o‘chog‘iga aylanishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Faoliyatini vaqtincha to‘xtatayotgan Britaniya parlamenti pandemiya bilan bog‘liq bir necha favqulodda qonunlar qabul qilishi kutilmoqda.

Umumiy palata a'zolari o‘z ishini 21 aprel kuni qayta boshlamoqchi. Parlament o‘z faoliyatini to‘xtatishiga parlament a'zolari virus tarqatuvchi bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar sabab bo‘ldi. Bugungi muhokamalar videoaloqa vositasida tashkil etiladi.

Britaniya parlamenti epidemiya tufayli yopilishi avval kuzatilmagan. Uch asrdan buyon parlament o‘z ishini faqat saylovlar arafasidagi odatiy ta'tillar va hukumat dasturini tayyorlash davridagi tanaffus tufayli to‘xtatgan. Britan parlamenti hatto jahon urushlari davrida ham ishlashda davom etgandi.

«Katta yettilik» davlatlari Tashqi ishlar vazirlari videokonferensiya orqali koronavirus pandemiyasi bilan kurashish masalasini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Payshanba kuni «Katta yigirmatalik» davlatlari ham xuddi shu shaklda muloqot tashkillashtiradi.

Rossiyada yana ikki o‘lim

EPA

25 mart kuni Moskvada yana ikki kishi virus qurboni bo‘ldi. Shahar operativ shtabi ma'lumotiga ko‘ra, bemorlar 88 va 73 yoshda bo‘lishgan. 

So‘nggi bir kunda Rossiyada bemorlar soni 163 nafarga oshdi va jami bemorlar soni ayni vaqtda 658 nafarni tashkil qilmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin millatga murojaatida koronavirus tarqalishi sababli kelayotgan haftani ish haqi saqlangan holda dam olish haftasi deb e'lon qildi.

Putin rossiyaliklarni dam olish haftasida «tartibli va mas'uliyatli bo‘lish»ga va uyda qolishga chaqirdi. U ta'til kasallik tarqalishi sur'atini pasaytirish uchun berilayotganini alohida qayd etdi.

Moskva meri Sergey Sobyanin keyingi haftada shaharda yangi cheklovlar kiritilishini ma'lum qildi. Unga ko‘ra, umumiy ovqatlanish joylari, savdo markazlari, parklar, shuningdek, eng zarur mahsulotlar sotilmaydigan do‘konlar yopiladi.

Payshanba kunidan Moskvada 65 yoshdan katta yoshdagi odamlar ko‘chaga chiqishi mumkin emas. Bu yoshdagi odamlar ko‘chaga chiqmaslik evaziga 4 ming rubl miqdorida qo‘shimcha nafaqa olishadi.

Boshqa davlatlar
So‘nggi bir kunda yana qator davlatlarda koronavirus tarqalishi oldini olish uchun yangi cheklovlar joriy etildi.

Ispaniya bosh vaziri o‘rinbosari Karmen Kalvoga ham koronavirus tashxisi qo‘yildi. Bungacha Ispaniyada ikki vazir, shuningdek, bosh vazir Pedro Sanchesning rafiqasi Begonya Gomesda koronavirus aniqlangandi.

Estoniyada koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etildi, Ozarboyjonda ham keyingi hafta ishsiz hafta sifatida e'lon qilindi, Litva umummilliy karantinni 13 aprelga qadar uzaytirdi, Polsha ham chegaralarini 13 aprelga qadar yopiq qoldirishga qaror qildi.

Pokiston, Polsha, Ekvador va Chili ham bemorlar soni mingdan oshgan davlatlar qatoriga qo‘shildi, Portugaliyada virusdan zararlanganlar soni 3 mingdan oshib ketdi, Eronda qurbonlar soni 2 mingdan oshgan, Ukrainada Vazirlar Mahkamasi butun mamlakatda favqulodda holat joriy etishga rozilik berdi, Yangi Zelandiyada ham favqulodda holat rejimi joriy etilgan, Afrikaning Mali va Gvineya-Bisau davlatida koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq ilk holatlar qayd etildi, Niderlandiyada qurbonlar sonida kesin o‘sish kuzatildi - 80 kishi.

Singapurda koronavirus bo‘yicha natijani 5 daqiqada chiqarib beradigan test ishlab chiqildi, Xitoyda atigi 47 kishi virusdan zararlandi. Janubiy Koreyada virusdan zararlanganlarning 40 foizi tuzalib ketgan, mamlakat prezidenti Mun Je In «Katta yigirmatalik» sammitida mamlakatning koronavirusga qarshi tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.

O‘zbekistondagi vaziyat

O‘zbekistonda 25 mart kuni yana 10 kishida virus tasdiqlandi va bemorlar soni 60 nafarga yetdi.

Bugun O‘zbekistonga ikkita charter reys amalga oshirildi, Farg‘onaga Istanbuldan 244 kishi olib kelindi, samolyot bortida bo‘lganlardan biri insult tufayli vafot etgan. Tekshiruv natijasida tana harorati yuqori bo‘lgan fuqarolar aniqlanmagan. Ularning barchasi Oltiariq tumanidagi «Qiziltepa» faxriylar sihatgohiga joylashtirilgan va to‘liq tibbiy kuzatuvga olingan.

Shu kuni Buxoroga Moskvadan yana bir samolyot xorijdagi o‘zbekistonliklarni olib kelgan, 266 yo‘lovchidan tashqari bortda xorijda vafot etgan vatandosh jasadi bo‘lgan, yo‘lovchilardan 4 nafarida yuqori harorat qayd etilgani uchun ular alohida nazoratga olinib, ular Yuqumlik kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan. Qolgan yo‘lovchilar ham karantinga joylashtirilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda Farg‘ona viloyatida ham koronavirus tashxisi qo‘yilgan ikki kishi davolanmoqda. Ulardan biri Saudiya Arabistonida Umra safarida bo‘lib qaytgach, unda koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

Ayni vaqtda Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanayotgan bemorlar orasida poytaxtdan tashqari, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridan bo‘lgan fuqarolar ham bor.

Kun yakunida Namangan viloyati Namangan shahrida ham bir kishida virus aniqlandi, u yaqinda Turkiyaning Istanbul shahridan kelgan.

Ayni vaqtda Namangan shahri butunlay yopib qo‘yilgan.

Ko‘proq yangiliklar: