Buxoroga charter reys orqali olib kelingan yo‘lovchilarning 4 nafari yuqori tana harorati bilan kasalxonaga yotqizildi

O‘zbekiston 19:10 / 25.03.2020 52741

Buxoro viloyati hokimligida tegishli boshqarma, tashkilot va korxonalar mas'ul xodimlaridan tarkib topgan Covid-19 kasalligiga qarshi kurashish va tarqalishining oldini olish bo‘yicha viloyat shtabidan olingan ma'lumotga ko‘ra, 24 mart kuni yarim tunda Rossiyadan Vnukovo—Buxoro yo‘nalishida uchgan aviareys qabul qilindi.

«Samolyot bortida 266 nafar mamlakatimiz fuqarolari favqulodda holatdan kelib chiqqan tartib-qoidalar asosida kutib olindi.

Shaxsiga to‘xtalsak, ularning 202 nafari erkak, 64 nafari ayol va 11 nafari voyaga yetmaganlar. Yo‘lovchilarning 7 nafari nafaqa yoshidagilardan iborat bo‘lsa, ularning 4 nafari chet davlatdan deport qilinganlardir. Tarkibda viloyatimizdan tashqari, Toshkent shahri hamda viloyati, shuningdek, Xorazm, Samarqand, Surxondaryo, vodiy viloyatlaridan, qolaversa, Qoraqalpog‘iston respublikasidan yurtdoshlarimiz bor.

Buxoro xalqaro aeroportida tegishli tartibda karantin me'yorlariga muvofiq qarshi olingan yo‘lovchilar orasidan tana harorati yuqori bo‘lganligi sababli 4 nafar fuqaro viloyat Yuqumlik kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan. Qolgan yo‘lovchilarning har biriga nisbatan tibbiy-profilaktik nuqtai nazardan qattiq nazorat o‘rnatilgan», deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, samolyotda Vobkent tumanida istiqomat qilgan bir fuqaroning jasadi ham bo‘lgan. Ma'lum bo‘lishicha, Rossiya Federatsiyasiga qatnab, ishlab yurgan bu fuqaro insult oqibatida chet elda vafot etgan.

Bugun, 25 mart kuni «Istanbul-Farg‘ona» charter reysida Turkiyadan olib kelingan 244 nafar fuqaro Farg‘ona xalqaro aeroportida kutib olinib, Oltiariq tumanidagi «Qiziltepa» faxriylar sihatgohiga joylashtirildi. Samolyotda bo‘lgan yo‘lovchilardan biri insult oqibatida vafot etgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Farg‘onada ikki nafar koronavirus bemori davolanayotgani haqida ma'lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: