«Bu hech kimga ustunlik bermaydi». Olimpiadaning qoldirilishi bokschilarimizga qanday ta'sir qiladi?

Sport 20:28 / 25.03.2020 5436

Bu borada Olimpiadadagi eng asosiy umidimiz bo‘lgan, hozirga qadar 7ta yo‘llanmani naqd qilib qo‘ygan boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasining katta murabbiyi To‘lqin Qilichev bilan suhbatlashdik.

- «Barchamiz intiqlik bilan kutayotgan Olimpiadaning 2021 yilga qoldirilganini barcha qatori to‘g‘ri qabul qildik. Sababi, birinchi navbatda odamlarning sog‘lig‘i va xavfsizligiga e'tibor qaratildi. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi va barcha federatsiyalar Olimpiadani bir yil keyinga surib, to‘g‘ri qaror qabul qilishdi, deb o‘ylayman. Har holda dunyoda bo‘ylab kuzatilayotgan koronavirus pandemiyasi holatida tavakkal qilib bo‘lmasdi. Shu bois biz Olimpiada qoldirilishi qarorini ma'qullaymiz», - deya so‘z boshladi To‘lqin Qilichev.

To‘lqin Qilichev

- Olimpiadaning bir yil keyinga surilgani bokschilarimizga qanday ta'sir qilishi mumkin?

- Bilasizmi, hozirga kelib barchamiz – biz ham, raqiblarimiz ham bir xil vaziyatda qoldik. Bu hech kimga ustunlik bermaydi. Bizga ta'sir qiladigan yagona jihat bu – yigitlarni keyingi yil uchun to‘liq qaytadan tayyorlash bo‘ladi. Olimpiadaga boradigan tarkibimiz hozirga kelib 80 foizga ma'lum. Shunday ekan, tayyorgarlik rejasini qaytadan ko‘rib chiqib, puxta hozirlik ko‘ramiz.

- Muhim musobaqaning bir yilga kechikishini salbiy yoki ijobiy ta'siri bo‘ladimi?

- Fikrimcha, ta'siri bo‘lmaydi. Barcha bokschilar o‘z vazn toifalarini saqlaydilar. Biz ham barcha kabi bunday holatga birinchi marta tushayapmiz. Agar keyinchalik salbiy yoki ijobiy ta'siri paydo bo‘lsa, bu faqat bizga emas hammaga bir xil ta'sir qiladi. Albatta, aslida hamma narsaning o‘z vaqtida bo‘lgani yaxshi. Ammo shunday qarorga kelishgan ekan, bunga ko‘nikishimiz va oxirigacha yeng shimarib ishlashimiz kerak.

- Tabiiyki tayyorgarlik rejasi ham buzildi. Yangi rejalar tuziladimi?

- Albatta. Bu qaror endi qabul qilindi. Tez orada barcha reja va yig‘inlarimiz ma'lum bo‘ladi. Tayyorgarlik rejasi ishlab chiqiladi. Undan tashqari oldimizda 22 yoshlilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatlari bor. Tayyorgarlik rejasini alohida e'lon qilamiz.

Usmon Ibodov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: