Barcha aksiyadorlik jamiyatlariga umumiy aksiyadorlik yig‘ilishlarini qoldirish tavsiya etildi

O‘zbekiston 13:13 / 25.03.2020 2054

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi 176-sonli qaroriga binoan, 23 martdan boshlab O‘zbekiston hududidagi barcha ommaviy tadbirlar, shu jumladan bayram tadbirlari, xalqaro tadbirlar va sport musobaqalari, hamda ommaviy yig‘ilishlar o‘tkazilishi vaqtincha to‘xtatildi, shuningdek 24 martdan respublika hududida kuchaytirilgan tartib joriy etildi.

Koronavirus infeksiyasining respublikada tarqalishining oldini olish maqsadida, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi barcha aksiyadorlik jamiyatlariga yaqin kunlarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan umumiy aksiyadorlik yig‘ilishlarini kuchaytirilgan tartib yakuniga qadar qoldirishni tavsiya qildi. 

Bildirilishicha, bu orqali karantin munosabati bilan yig‘ilishlarda qatnashish imkoniyati mavjud bo‘lmagan aksiyadorlarning huquqlari va manfaatlari himoyasi ta'minlanishi ham kafolatlanadi.

“Sizga shuni ma'lum qilamizki, hozirgi vaqtda Agentlik tomonidan aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishlarida aksiyadorlarning masofadan turib elektron ovoz berish imkoniyatini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorlandi”, - deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish maqsadida idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar barcha tashkilotlar:

asosiy ish faoliyatiga ta'sir etmagan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlarni mehnat ta'tiliga chiqarish, qolgan qismining mehnat faoliyatini maksimal darajada masofadan turib ("onlayn" rejimda yoki masofaviy tarzda) tashkil etish choralarini ko‘rishi;

tashrif buyuruvchi shaxslarni faqat tibbiy niqob va tibbiy vositalarni qo‘llagan holda kiritish tartibini majburiy joriy etishi;

ish joylarida xodimlarning tana haroratini o‘lchash va tana harorati yuqori bo‘lgan xodimlarni ish joyida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda ushbu xodimlar to‘g‘risida sog‘liqni saqlash organlariga zudlik bilan xabar yetkazishi;

davlat sanitariya nazorati organlarining talabnomasiga muvofiq koronavirus infeksiyasini yuqtirgan xodim bilan muloqotda bo‘lganlar haqida darhol ma'lumot berishi, kasallangan shaxs bo‘lgan joylarni dezinfeksiyadan o‘tkazish choralarini ko‘rishi shart ekani aytiladi.

Ko‘proq yangiliklar: