Yaponiya Tokio Olimpiadasi ko‘chirilishining iqtisodiy oqibatlariga tayyormi?

Sport 19:52 / 24.03.2020 4880

Jurnalist va futbol funksioneri Alisher Nikimbayev o‘z kanalida Tokio Olimpiadasi qoldirilishi bilan bog‘liq ayrim jihatlarga e'tibor qaratdi.

Olimpiya o‘yinlarini qabul qilgan barcha shaharlarda bo‘lgani kabi Tokioda ham sportchilar va murabbiylar shaharning ma'lum bir hududida maxsus qurilgan tumanda istiqomat qilishlari kerak edi. Barcha shaharlarda bo‘lgani kabi, bu yangi uylardagi kvartiralar Olimpiada tugagach yangi egalariga topshirilishi kerak edi.

Tokioda kvartiralarga bo‘lgan talab doimo yuqori bo‘lgani inobatga olinsa, shuningdek, yangi texnologiyalar asosida barpo etilgan bu kvartiralar ma'lum bir qimmatga egaligi e'tibordan qochirilmasa, Harumi Flag loyihasi asosida qurib bo‘lingan 4145ta kvartira sotib bo‘linganiga shubha yo‘q.

Kvartiralarning yangi egalari shu yilning avgust-sentabr oylarida, ya'ni Olimpiada va paralampiada o‘yinlari nihoyalangach ko‘chib o‘tishlari kerak edi.

O‘yinlar yana bir yilga qoldirilishi Olimpiada tashkiliy qo‘mitasini kvartira egalari bilan yangi shartnoma tuzish zaruriyatiga ro‘baro‘ qilmoqda. Aftidan, uy egalariga ko‘chib kirishni bir yilga qoldirib turish taklif etiladi. Egalari bunga kompensatsiyasiz rozi bo‘lishsa-ku, yaxshi. Aksi bo‘lsa-chi? Axir ularning ko‘pchiligi o‘sha bir yil davomida boshqa joyda ijarada turishlariga to‘g‘ri keladi. Bu xarajatlarni kim qoplaydi?

Eng kamtarona hisob-kitoblarga ko‘ra kompensatsiya kamida 100 million dollarga teng bo‘ladi. Jahon iqtisodiy tanazzuli fonida bu sariq chaqadek ko‘rinadi, albatta. Lekin Yaponiyada hozir ortiqcha pul bormikan?

 

Ko‘proq yangiliklar: