Qamoqxonadagilar qanday karantin qilinadi?

O‘zbekiston 12:27 / 24.03.2020 31026

Karantin davridagi qonun-qoidalar bilan tanishmisiz? Qonunchilikda qanday me'yorlar bilan belgilangan? Shu kabi savollar yuzasidan IIV huzuridagi tergov departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Qulbekovga murojaat qildik.

 – Karantin qoidalarini buzgan shaxslarga qonunchilikda qanday javobgarlik belgilangan?

– Karantin qoidalarini buzgan shaxslar uchun ma'muriy va jinoiy javobgarliklar belgilangan. Hozirgi paytda 3 ta hududda bunday qonunbuzarlar aniqlangan. Ular Surxondaryo viloyati Denov tumani, Toshkent viloyati Parkent tumani, Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi fuqarolar ekanligi aniqlangan. Ularga nisbatan Karantinda saqlash qoidalarini buzganligi, karantin hududini o‘z boshimchalik bilan tark etib, yaqinlarini va tanishlarini xavf ostida qoldirganligi uchun jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bundan tashqari yana 4 nafar fuqaroga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalarga asosan ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

– Jazoni ijro etish muassasalarida qanday karantin choralari ko‘rilgan?

Oybek Qulbekov

– Jazoni ijro etish muassasalari hozirgi kunda to‘liq yopilib karantin holatiga o‘tkazilgan. U yerda saqlanayotgan ayblanuvchilar, sudlanuvchilar va mahkumlarni koronavirus kasalligini yuqtirib olmasliklari uchun barcha zaruriy choralar belgilangan. Jumladan, ularni o‘z vaqtida dezinfeksiyadan o‘tkazish, har ikki soatda haroratini tekshirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari favquloddagi vaziyatlar uchun maxsus kameralar tayyorlangan.

– Fuqarolarning uylariga “uyingizni dezinfeksiya qilamiz”, deb kelsa nima qilish kerak?

– O‘zini Sanitariya epidomologiya markazi xodimiman deb tanishtirib, uyida dezinfeksiya qilish bahonasida o‘g‘irlik, firibgarlik yoki talonchilik kabi jinoyatlarni sodir qilishni rejalashtirgan fuqarolar ham bo‘lishi mumkin. Hech qanday Sanitariya epidomologiya xodimi sababsiz uyiga eshik taqillatib kelmaydi. Faqatgina kasallik aniqlanganda yoki o‘sha xonadonda yashovchi fuqaroda kasallik aniqlanganda dezinfeksiya choralari ko‘riladi. Sababsiz “biz dezinfeksiya qilmoqchimiz” deyishganda uyga kirishiga rozi bo‘lmaslik va darhol Ichki ishlar organlariga murojaat qilishlari kerak. Bundan tashqari fuqarolar tegishli xizmat guvohnomalarini talab qilishga huquqi bor.

– Yo‘lovchi tashish xizmatlari tomonidan qanday choralar ko‘rilmoqda?

– Ma'lumki, Toshkent shahri hokimining qaroriga asosan jamoat transportidan foydalanish vaqtinchalik to‘xtatildi. Hozirgi paytda Toshkent shahri bo‘yicha litsenziyaga ega 9 mingdan ortiq taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanadigan avtomashinalar bor. Ushbu avtomashinalar Toshkent shahridagi 8 ta avtoparklar tomonidan har kuni ertalab dezinfeksiyadan o‘tkaziladi va yo‘l varaqalariga dezinfeksiyadan o‘tkazilganlik haqida muhr qo‘yiladi. Shundan so‘ng kun davomida fuqarolarga taksi xizmati ko‘rsatiladi.

 Bekjon Jo‘raqulov suhbatlashdi, tasvirchi Doniyor Yakubov.

Ko‘proq yangiliklar: