O‘zbekistonda bemorlar bilan aloqada bo‘lmasdan turib ham virus yuqtirish holati qayd etildi

O‘zbekiston 13:21 / 24.03.2020 272910

O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar orasida chet elda bo‘lib qaytmagan, bemorlar bilan hech qanday aloqada bo‘lmay turib virusni yuqtirgan bemor ham bor. Bu haqida Sanitariya-epidimiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov onlayn brifingda aytib o‘tdi.

«Afsuski, o‘zi, yaqinlari chet elda bo‘lib qaytmagan, bemorlar bilan muloqotga kirishmay turib ham virusni yuqtirgan bemor bor.

Bitta odam o‘zining kunlik tartibi davomida ertalabdan kechgacha ko‘p odamlar bilan o‘zi istagan-istamagan tarzda, tanigan-tanimaganlari bilan aloqada bo‘ladi. Jamoat transportlarida, yonida turgan begona shaxslar bo‘ladimi, ish-o‘qish joylarida ular bilan bevosita muloqotda bo‘ladi.

Gaplashmasa ham, umumiy foydalanadigan buyumlar — avtobus tutqichlari, eshik tutqichlari bilan yuqtirishi mumkin.

Bitta holatda, 20 yoshga kirgan qizda shunday holat aniqlandi. Uning o‘zi, qarindosh-urug‘lari chet elda bo‘lmagan. Ular sog‘lom, tekshirishdan o‘tkazilgan. Qiz o‘zining o‘qish faoliyatida qandaydir holatda virusni yuqtirgan. Bu esa bizni sergak bo‘lishga chaqiradi», deya Bahrom Almatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: