O‘zbekiston shu hafta xorijdagi fuqarolarini olib kelish uchun yana 7ta charter reys amalga oshiradi

O‘zbekiston 13:40 / 24.03.2020 20780

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan chet eldagi fuqarlarni charter reyslar orqali mamlakatga olib kelish yuzasidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. 

Xususan, 24-27 mart kunlari har kuni Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridan bittadan jami 4ta reys (RF mahalliy vaqti bo‘yicha soat 17:00da);

Turkiyaning Istanbul shahridan 24 va 27 mart kunlari 2ta reys (Turkiyaning mahalliy vaqti bo‘yicha soat 23:00da) amalga oshiriladi.

Shuningdek, Koreya Respublikasining Seul shahridan 29 mart kuni charter reys (vaqti aniqlanmoqda) amalga oshiriladi.

Xuddi shu kabi kelgusi haftada ham Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Turkiyaning Istanbul, BAAning Dubay shaharlaridan fuqarolarni charter reyslari orqali olib kelish ishlari davom etadi.

«Shuni alohida ta'kidlash lozimki, samolyot ekipaji a'zolari ham xavfsizlik nuqtayi nazaridan, koronavirus inkubatsiyasi davridan kelib chiqib, karantin ostida saqlanishini hamda maxsus komissiya tomonidan mazkur masalani imkon qadar qisqa muddat ichida bartaraf etish choralari ko‘rilayotganligini inobatga olgan holda, chet elda bo‘lib turgan fuqarolarimiz tomonidan sabrli bo‘lishlari so‘raladi.

Charter reyslar orqali mamlakatimizga olib kelinadigan barcha fuqarolar maxsus komissiya talablariga muvofiq, maxsus tekshiruvlardan o‘tkaziladi va qat'iy ravishda respublikaning hududlarida karantin tadbirlari uchun tashkil etilgan sanatoriy va boshqa muassasalarda 14 kunlik karantinda nazoratda saqlanadi», deyiladi respublika maxsus komissiyasi tomonidan Kun.uz’ga taqdim etilgan ma'lumotda. 

Ko‘proq yangiliklar: