«Koreyani rad etib, Yevropani tanladim». Jasur Yaxshiboyev har kuni poyezdda Toshkentga qatnagani va Arveladze bilan kelishmovchiligi haqida

Sport 15:50 / 24.03.2020 43470

Tailandda o‘tgan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatidan keyin olimpiya jamoamiz yetakchilaridan biri Jasur Yaxshiboyev legioner bo‘lishga qaror qildi. Fevral oyida «Paxtakor» 22 yoshli yarimhimoyachisini Belarusning o‘rtamiyona klubi «Energetik-BGU» klubiga ijaraga berdi.

 «Shunga qaramay, Yaxshiboyev hali hamon «Paxtakor»ga tegishli futbolchi ekanligini tushunish muhim. «Paxtakor» bugungi kunda bor e'tiborini Osiyo chempionlar ligasiga qaratgan. Shota Arveladze boshchiligidagi klubning asosiy yulduzi Eren Derdiyo‘q sanaladi. Toshkent klubiga milliarder Alisher Usmonov yordam berayotganligi bois, pul hammaga yetadi», - deya yoziladi Belarusning «Pressbol» nashrida.

 Koronavirus pandemiyasi tufayli Yevropada milliy chempionat o‘yinlari to‘xtatilgan bir paytda xavfga qaramay, Belarus Oliy ligasida yangi mavsumga start berildi. Jasur Yaxshiboyev debyut o‘yinida mamlakat grandi, Yevropada nom qozona olgan BATE klubiga qarshi maydonga tushib, dublga erishdi va yakunda nomdor jamoani mag‘lub etib, jamoasi bilan dastlabki turdayoq peshqadamga aylanib oldi.

 Ko‘hna qit'ada barcha chempionat va ligalar to‘xtatilgan bir paytda ko‘pchilikning diqqat e'tibori aynan Belarus Oliy ligasiga qaratilgan. Sensatsion natija orqali Jasur Yaxshiboyev liga o‘yinlarini yoritishni boshlagan Rossiyaning «Match TV» kanalida ham e'tirof etildi. Qolaversa, «Pressbol» va «Parimatch» aynan o‘zbekistonlik futbolchini tur qahramoni, deya e'lon qildi va hamyurtimizdan intervyu oldi.

 - Jasur, Chinozda tug‘ilgan ekansiz. Futbol jamoasi bo‘lmagan shaharda qanday qilib futbolchi bo‘lish mumkin?

- To‘g‘ri, chindanam u yerda jamoa yo‘q. Ammo men doimo «Paxtakor»ga muxlislik qilardim. Chinoz Toshkent viloyati tarkibida bo‘lib, poytaxtdan 60 km chaqirim uzoqlikda joylashgan. 7 yoshimdan boshlab har kuni Toshkentga qatnaganman – «Paxtakor» maktabida shug‘ullanish uchun. Ertalab buvim bilan «elektrichka»da jo‘nab, kechqurun yana 1,5 soatda shunday qaytardik. Ota-onamning o‘z ishi bor edi. Yettinchi sinfda o‘qiyotganimda esa Toshkentga ko‘chib, «Paxtakor» internatida o‘qishni boshlagandim.

 - Belarusga qanday kelib qoldingiz?

- O‘tgan mavsumning ikkinchi davrasida «Paxtakor»dan ijara asosida Superliganing boshqa klubi OKMKga o‘tgandim. Olmaliq jamoasida Shahboz Umarov bilan birga o‘ynadik, u ham men bilan «Energetik-BGU» klubiga o‘tdi. Olmaliqda belaruslik Vladislav Kosminin ham biz bilan birga to‘p surgandi. Ochig‘i, O‘zbekistonda to‘p surishni istamadim. Yevropaga ketish vaqti kelganligini tushungandim.

Ilya Shkurin singari «Energetik-BGU»dan TsSKAga o‘tish? Nega endi yo‘q? Xudo xohlasa hamma narsa bo‘lishi mumkin. Agentim bilan uchrashgach, u Anatoliy Ivanovich haqida gapirdi: «Seni futbolchi qilib tarbiyalaydigan buvani bilaman. Sen bilan ishlab, jismonan tayyor futbolchiga aylantiradi. Yaxshi futbolchi bo‘lib yetishasan».

O‘shanda Janubiy Koreya klubiga yo‘l olish variantim ham bor edi. Ikki yil oldin Osiyo chempioni bo‘lgan bir qator jamoadoshlarim Koreyaga ketishgandi. Men esa taklifni rad etib, Yevropani tanladim. Har holda bu yerda boshqa daraja.

 - Ko‘rinishidan yaxshi futbolchiga o‘xshaysiz, nega «Paxtakor»da qolmadingiz?

- Bosh murabbiy bilan kelisha olmadik. Jamoani Shota Arveladze boshqarmoqda. Juda kam o‘ynardim. Murabbiy meni faqat zaxiradan atigi 10 daqiqaga maydonga tushirardi, xolos. Darvoqe, OKMKni ham taniqli murabbiy Mirjalol Qosimov boshqarmoqda.

 - Osiyo chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritish yoqimli bo‘lsa kerak?

- Umuman boshqacha hissiyotlar. O‘zbekiston chempionatida to‘p surish boshqa, Osiyo chempionati esa umuman boshqa turnir.

 - BATEgacha so‘nggi marta qachon dublga erishgansiz?

- Aynan Xitoydagi turnirda edi. Biz chorak finalda Yaponiyani 4:0 hisobida mag‘lub etganimizda ikkita gol urgandim. Keyin esa yarimfinalda Janubiy Koreyani 4:1 hisobida taslim etdik. Finalda esa Vetnamni mag‘lub etib, chempion bo‘ldik. Son Xin Min o‘shanda koreyslar tarkibida yo‘q edi. Ammo u bilan 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida to‘qnash kelganmiz.

 - Bosh murabbiy Vladimir Belyavskiy sizni butun Osiyo tanishini aytdi...

- Balki, har holda O‘zbekistonda gohida ko‘chalarda tanib qolishadi.

 - Belarusdagi dastlabki o‘yiningizda dublga erishdingiz. Taassurotlaringiz qanday?

- BATE – kuchli jamoa. Bu klubning Chempionlar ligasidagi o‘yinlarini kuzatganman. O‘zi anchadan buyon yuqori saviyadagi jamoaga qarshi to‘p surishni istayotgandim. O‘yinda oson bo‘lmadi. O‘ylashimcha, BATE bizga qarshi barcha imkoniyatlarini ishga solmagandek tuyildi – negadir yuz foiz kuchi bilan o‘ynay olmadi. Biz esa kuchli ishtiyoq evaziga raqibni mag‘lub eta oldik. Chempionatning grand klubini mag‘lub etish jangovar ruh va kuchimizga ishonch bag‘ishlaydi. Yanada kuchliroq ruhlantiradi. Ushbu g‘alabadan keyin endi istalgan jamoani mag‘lub eta olishimizni tushunayapmiz.

 - Familiyangizni qanday aytish to‘g‘ri bo‘ladi?

- Mana pasportimda inglizchada Yakhshiboev yozilgan. Ammo o‘qilishi boshqacharoq bo‘ladi – Yaxshiboyev. Mana shunday yozish va aytish to‘g‘ri bo‘ladi.

Usmon Ibodov tarjimasi.

Ko‘proq yangiliklar: