Viloyatlar markazlarida ham Toshkentdagi kabi karantin choralari amal qiladi

Jahon 21:05 / 22.03.2020 24461

«Respublika maxsus komissiyasi qaroriga binoan, 23 mart kunidan boshlab mulkchilik shaklidan qat'i nazar Toshkent shahridagi barcha korxona va muassasalarga asosiy ish faoliyatiga ta'sir etmagan holda ishchi va xodimlarni qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat ta'tiliga chiqarish, qolgan ishchilarning faoliyatini maksimal darajada masofadan turib, ya'ni onlayn yoki distansion tarzda tashkil etiladi.

Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlarida 23 martdan jamoat joylarida shaxsiy himoya vositalarisiz bo‘lgan shaxslarga «ogohlantirish» beriladi. 

25 mart kuni soat 6:00dan boshlab ushbu holat qayd etilsa – ularga nisbatan intizomiy choralar ko‘rish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Jarimalar belgilanadi.

Buni qisqacha qilib tushuntiradigan bo‘lsak, jamoat joylariga borayotgan barcha fuqarolar yuz niqobida bo‘lishi kerak. Yuz niqobini taqmasdan odamlar gavjum joylarga boradigan, korxona va tashkilotlarga kiradigan odam o‘zini ham, boshqalarni ham xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Bu tartibga amal qilmagan fuqarolarga choralar ko‘riladi.

Tibbiy himoya vositalari, xususan, niqoblarning tanqisligini sun'iy vujudga keltirib, narxini oshirgan «tadbirkor»larga qat'iy choralar ko‘riladi. Bu o‘rinda gap nafaqat niqoblar haqida, balki hayot uchun zarur bo‘lgan boshqa mahsulotlar haqida ham ketmoqda.

Mamlakatimiz fuqarolarining sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida zarur bo‘lmagan hollarda, ayniqsa 65 yoshdan yuqori va surunkali kasali bor bo‘lgan yurtdoshlarimiz uyidan tashqariga chiqmasliklari va ko‘chaga chiqqanda – shaxsiy himoya vositalaridan foydalanishni so‘rab qolamiz.

Joriy qilinayotgan tartib O‘zbekiston respublikasida koronavirus infeksiyasi bir hududdan ikkinchisiga tarqalishining oldini olishga qaratilgan samarali tadbir sifatida belgilangan.

Ko‘ryapmizki, kasallik qayd etilishi holatlari asosan Toshkent shahrida kuzatilmoqda. Toshkent shahrida ommaviy tadbirlar, jumladan, aholi migratsiyasi bilan kechadigan tadbirlarga chek qo‘yilgan.

Har bir korxona va tashkilotlar faoliyatiga zararli ta'sir qilmagan holda, ulardan muhim bo‘lmagan vazifalarni bajarayotgan xodimlarga mehnat ta'tili berish, zamonaviy-informatsion kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, mavjudlaridan foydalangan holda masofadan ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘zda tutilgan.

Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida ham aholi nisbatan zich joylashgan, ular ish jarayonida ko‘p vaqt birga bo‘lishini hisobga olgan holda shunday tartiblar joriy qilinmoqda.

Xabaringiz bor, koronavirus infeksiyasi havo-tomchi va maishiy muloqot yo‘li bilan yuqadi. Shuning uchun, odamlar bir-biriga yaqin bo‘lishi va to‘planishining oldini olsak, ushbu kasallik tarqalishiga chek qo‘ygan bo‘lamiz.

Dehqon bozorlarida, barcha savdo shoxobchalarida profilaktika maqsadlarida aholi bir-biriga yaqin joylashishining oldini olishga qaratilgan ko‘pchilik choralar ko‘riladi.

Jumladan, muassasalar ish grafigini tashkil qilishda, aholiga xizmat ko‘rsatish vaqtida mijozlar navbatlari hosil bo‘lishining oldini olish bo‘yicha barcha korxona va tashkilotlar o‘z ishini qayta ko‘rib chiqishi hamda to‘g‘ri tashkillashtirishi lozim bo‘ladi», dedi Bahrom Almatov.

Ko‘proq yangiliklar: