Merkel koronavirusga chalingan shifokor bilan aloqadan keyin karantinga ketdi

Jahon 22:09 / 22.03.2020 20729

Germaniya kansleri Angela Merkel 20 mart kuni unga emdori kiritgan shifokor koronavirusga chalinganidan xabar topgach karantinga ketishga qaror qildi.

Bu haqda kansler vakili ma'lum qildi, deb xabar berdi Deutsche Welle nashri.

Kasallangan shifokor Merkelga zotiljamdan profilaktik emdori kiritgan. Kansler uyidan ishlashni davom ettiradi. U yaqin kunlarda koronavirusga ko‘rikdan o‘tadi.

Ma'lum qilinishicha, Merkel Germaniyada koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha yangi cheklovlar joriy qilinishini e'lon qilishidan keyinoq shifokorda virus borligi tasdiqlangani haqida ma'lumot olgan.  

Yangi cheklovlarga ko‘ra, mamlakatda birgalikda yashovchi oila a'zolaridan tashqari, 2 kishidan ko‘proq bo‘lib yig‘ilish, jamoat joylarida bir-biriga 1,5 metrdan kamroq masofaga yaqinlashish taqiqlanadi.

Shuningdek, mijozlar orasida 2 metrdan ko‘proq masofani ta'minlay olmaydigan kafe, restoranlar va xizmat ko‘rsatish korxonalari vaqtincha mijozlar qabul qilishni to‘xtatishlari kerak bo‘ladi.

Merkelning ta'kidlashicha, politsiya bu cheklovlarga amal qilinishi ortidan kuzatib boradi.

Ayni vaqtda Germaniya koronavirusga chalinish holatlari bo‘yicha Yevropada Italiya va Ispaniyadan keyin 3-o‘rinni egallamoqda. Bu yerda kasallanganlar soni 18 mingdan oshib ketdi, vafot etganlar soni 45 nafarni tashkil qilmoqda. 

Avvalroq Merkel koronavirusni Germaniya uchun Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng jiddiy chaqiriq deb atagandi. 

Ko‘proq yangiliklar: