Kasallikka qarshi kurash faqat davlatning ishi emas - Turkiyadagi o‘zbekistonlik yoshlar barchani birdamlikka chaqirdi

Jahon 10:30 / 22.03.2020 27855

Kun.uz’ning Turkiyadagi muxbiri mazkur mamlakatda yashayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan muloqotda bo‘ldi. Vatandoshlarimiz Turkiyadagi mavjud vaziyat haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Ergash Jumayev,
TUMED (Xalqaro bitiruvchilar assotsiatsiyasi) rahbari, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi Turkiya vakili:

Ergash Jumayev

— Men Istanbul shahrida yashayman. Shu yerda doktoranturani tugatdim. Ayni vaqtda mamlakatda koronavirus tarqalishi tufayli Turkiya hukumati odamlarga uyda qolishni tavsiya qilmoqda. Italiya yoki Ispaniyadagi kabi favqulodda holat e'lon qilinmagan bo‘lsa-da, odamlardan tegishli tavsiyalarga qat'iy rioya qilish so‘ralmoqda.

Turkiyadagi yoshlarimizdan ayni paytga qadar mazkur vaziyat bilan bog‘liq hech qanday shikoyat kelib tushmadi. Mingdan ortiq o‘zbekistonlik yoshlar obuna bo‘lgan telegram kanalimizda vahimaga berilmaslik, xavotirga tushmaslik va gigiyena qoidalarga rioya qilish bo‘yicha ma'lumot va ko‘rsatmalarni muntazam berib bormoqdamiz.

Hozir barcha ta'lim muassasalarida ta'til e'lon qilingan. Farzandlarim bilan birga film tomosha qilyapmiz, kitob o‘qiyapmiz, onlayn darslarni kuzatib boryapmiz. Eng muhimi, ertalabdan kechgacha oilam bilan birgaman.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, amalga oshirilayotgan ishlar, davlat, jamiyat va matbuotning hamjihatlikdagi faoliyatini ko‘rib, Turkiya bu sinovni tez orada yengib o‘tadi, deyish mumkin. Fuqarolar ham bu jarayondan chetda turgani yo‘q. Masalan, sog‘liqni saqlash xodimlarining ishtiyoqini yanada oshirish maqsadida 19 martdan e'tiboran odamlar har kuni soat 21:00da o‘z uylari derazasi va balkonlaridan ularni baralla olqishlashmoqda. Bu o‘ziga xos an'anaga aylanib ulgurdi. 

Saidbek Boltaboyev,
Qorabuk davlat universiteti o‘qituvchisi:

Saidbek Boltaboyev

— Turkiya hududida virus aniqlanmagan kunlarda odamlar avvaliga masalani jiddiy qabul qilishmadi, holatni hazilga yo‘yishdi. Ammo virusga chalinishning ilk holati rasmiy qayd etilganidan so‘ng biroz sarosima kuzatildi. Boshqa ko‘plab joylar singari men istiqomat qiluvchi Karabuk viloyatida ham shaharlararo avtobus chiptasi uchun turnaqator navbatlar paydo bo‘ldi. Talabalar shu kuniyoq o‘z uylariga yetib olish harakatiga tushib qolishdi.

Hozirda shahar ancha bo‘shab qolgan. Uyiga ketmagan turk talabalar va 5 mingdan ortiq xorijlik yoshlar vaqtlarini o‘z turar joylarida o‘tkazishmoqda. Yoshlarimizda vahima, sarosima yo‘q hisobi. Ular tegishli chora-tadbirlarni ko‘rishmoqda. Jamoat joylaridan o‘zlarini uzoq tutishmoqda. Dushanba kunidan e'tiboran masofaviy ta'lim shaklidagi darslar davom etadi.

Ayni paytda men anchadan beri rejalashtirilgan ishlarni bajarish bilan bandman. Tugallanmagan maqolalar va kitoblarni oxiriga yetkazish uchun fursatdan foydalanishga harakat qilyapman. Oila a'zolarim bilan birga vaqt o‘tkazish, turli o‘yinlar o‘ynab, kitob mutolaa qilish, onlayn jurnallarni ko‘zdan kechirish bilan kun qanday o‘tib ketayotganini sezmay ham qolyapmiz.

Yurtdoshlarimizga shuni aytmoqchimanki, biron yaqiningiz Turkiyada bo‘lsa, uni yolg‘iz, deb o‘ylamang. Ishonamanki, O‘zbekiston ham ushbu sinovni matonat bilan yengib o‘tadi. 

Gulnora Saidahmedova,
Marmara universiteti doktoranti:

Gulnora Saidahmedova

— Istanbul shahrida istiqomat qilaman. Men va dugonalarimning ruhiy holati yaxshi. Biroz tushkunlikning sababi – bu kasallikning vatanimiz O‘zbekistonga ham kirib kelgani va yurtdoshlarimiz, yaqinlarimizdan olgan xavotirimizdir.

Turkiyada bu kasallikni yengib o‘tish uchun tizimli kurash olib borilmoqda. Bir qancha xorijiy davlatlarga parvozlar to‘xtatildi. Ta'lim muassasalari vaqtinchalik yopildi. Aholi uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Hamma joyda tozalash va dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Kasalxonalar aholi uchun 24 soat xizmat ko‘rsatmoqda. Oziq-ovqat, dori-darmon va tibbiy niqoblar masalasida muammo yo‘q.

Menimcha, kasallik bilan kurashish faqat davlatning ishi emas. Aholi davlat tarafidan belgilangan chora-tadbirlarning barchasiga amal qilishi, internet orqali tarqalayotgan yolg‘on ma'lumotlarga ishonmasligi kerak. Kuch – birlikdadir. Barchamiz birgalikda bu kasallikni yengib o‘tish uchun kurashishimiz lozim. Koronavirusning birlasha olgan millatdan kuchli ekaniga ishonmayman. Yurtdoshlarim va yaqinlarimdan kayfiyatlarini yuqori tutishlarini so‘rayman.

Karimjon Abdug‘aniyev,
Anqara Yildirim Boyazid universiteti talabasi:

Karimjon Abdug‘aniyev

— Men Anqara shahrida yashayman. Bu yerda biz – o‘zbekistonlik talabalar, Turkiya Sog‘likni saqlash vazirligi tomonidan e'lon qilingan ko‘rsatmalarga amal qilmoqdamiz. Kayfiyatimiz har doimgiday a'lo darajada. Hech qanday qo‘rquv va vahimaga tushganimiz yo‘q.

Avvaliga virus Xitoyning muammosi sifatida qabul qilingandi, endi esa u butun dunyoni tashvishga solmoqda. Turkiyada aholiga jamoat transport vositalaridan imkon qadar foydalanmaslikni maslahat berishmoqda.

O‘zbekistondagi yurtdoshlarimiz va yaqinlarimiz bizdan xavotir olishmasin: virusga qarshi kurashish uchun barcha ehtiyot choralarini ko‘ryapmiz. O‘ylaymanki, yurtimiz ham bir xalq, bir millat, bir yurak bo‘lib ushbu sinovni yengib o‘tadi.

Otabek Tillayev,
Kun.uz
ning Turkiyadagi muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: