Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan sport inshootlari barpo etiladi

Sport 11:48 / 21.03.2020 2490

Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarning kreditlari hisobidan respublika hududlarida jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Hujjat bilan quyidagilar:

Jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish loyihalarini muvofiqlashtirish Respublika komissiyasining tarkibi;

Joylarda tadbirkorlik sub'yektlarining jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish loyihalarini o‘rganib chiqish va takliflar tayyorlash hududiy komissiyalarining namunaviy tarkibi;

Jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish loyihalarini tijorat banklari tomonidan moliyalashtirish tartibi tasdiqlanadi.

“O‘zmilliybank” AJ jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish loyihalarini moliyalashtirish uchun 200 million yevro, shu jumladan 2020 yilda 50 million yevro miqdorida xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarning kredit mablag‘larini jalb qiladi.

 Jismoniy tarbiya va sport vazirligi 1 oy muddatda respublika hududida jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini bunyod etish loyihalarini aniqlab, “O‘zmilliybank” AJga biriktirilgan tijorat banklari bilan qarz kelishuvi imzolash uchun taqdim etadi.

 “O‘zmilliybank” AJ tomonidan xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarning kredit mablag‘larini jalb qilingan mablag‘lar tijorat banklariga sport inshootlarini barpo etish loyihalarini moliyalashtirish manbai sifatida 1 foizlik ustama (bank marjasi) bilan tijorat banklariga ajratadi.

Qurilish vazirligi innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan sport zallari (boks, kurash, fitnes, gimnastika), futbol, voleybol, basketbol, badminton va tennis maydonlarining namunaviy loyihalarini ishlab chiqadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimliklari bilan birgalikda, istiqbolli loyihalarning manzilli ro‘yxatini shakllantiradi va Respublika komissiyasiga ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun kiritadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Respublika komissiyasi taqdim etilayotgan istiqbolli loyihalarni aniqlashda, ularni iqtisodiy jihatdan samaradorligini nazarda tutgan holda tanlanishini ta'minlaydi.

Bunda, har bir tashabbuskor tomonidan loyihaning kamida 25 foiz miqdoridagi o‘z mablag‘lari bilan ishtiroki hamda tijorat banklarini qanoatlantiradigan miqdorda kredit ta'minoti mavjudligi ta'minlanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi loyihada qatnashuvchi tashabbuskorga jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini barpo etishda aholi uchun qulay bo‘lgan hududlardan bo‘sh yer maydonlarini va dislokatsiyasini joriy yil 1 apreliga qadar aniqlab, Respublika komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritadi.

Jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish loyihalarini moliyalashtirishda ishtirok etadigan tijorat banklariga ushbu loyihalar uchun kreditlar ajratishda sport inshootlarining qurilishi davrida asosiy qarz bo‘yicha imtiyozli davr belgilash tartibini joriy etish tavsiya etiladi.

Belgilab qo‘yilishicha:

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish bo‘yicha loyiha tashabbuskorlariga, 2020-2021 yillarda sport inshootlari barpo etish uchun ajratiladigan tijorat banklarining kredit summasi 10 milliard so‘mdan, foiz stavkasi Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan milliy valutadagi kreditlar uchun – qayta moliyalash stavkasidan oshadigan, lekin 8 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismida kompensatsiya taqdim etadi.

Moliya vazirligi ushbu imtiyozlar uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga belgilangan tartibda ajratadi.

Qurilish vazirligi loyiha tashabbuskorlari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan sport zallari (boks, kurash, fitnes, gimnastika), futbol, voleybol, basketbol, badminton va tennis maydonlarining namunaviy loyihalari asosida barpo etilishini ta'minlaydi, shuningdek, qurilish-montaj ishlari sifatli bajarilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatadi.

Ko‘proq yangiliklar: