Olimpiya mash'alasi Gretsiyadan Yaponiyaga keltirildi

Sport 19:41 / 20.03.2020 3081

Bu haqda mahalliy OAV xabar berdi

Mash'alaning Olimpiada mezboni - Tokioga topshirilishi marosimi 19 mart kuni Afinadagi “Panatinaikos” stadionida koronavirus epidemiyasi sababli tomoshabinlarsiz va jurnalistlarsiz “imi-jimida” bo‘lib o‘tgandi.  

20 mart kuni mash'ala maxsus samolyotda Yaponiyadagi Matsusima bazasiga yetkazilgan. U yerda mash'alani qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Olimpiadani o‘tkazish masalasi koronavirus epidemiyasi sababli hozircha ochiq qolmoqda. Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe avvalroq “Katta yettilik” davlatlari Olimpiadani “to‘laqonli”, ya'ni belgilangan muddatda va tomoshabinlar bilan o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlashayotganini aytgan.

Yaponiyada mash'ala estafetasi 26 mart kuni Fukusima prefekturasidagi futbol bo‘yicha mashg‘ulot markazida boshlanishi kerak. Mahalliy hokimiyat koronavirus tarqalish xavfi saqlanib qolinayotgani sababli aholini estafeta yo‘nalishi bo‘ylab tizilishib turmaslikka chaqirgan.

Shu bilan birga, epidemiya sababli Olimpiadaning bekor qilinishi, boshqa muddatga ko‘chirilishi yoki tomoshabinlarsiz o‘tkazilishi takliflari bildirilmoqda. Ammo Yaponiya bunga qat'iyan qarshi chiqmoqda. 

Tokio Olimpiadasi 24 iyuldan 9 avgustgacha o‘tkazilishi belgilangan. Ushbu o‘yinlarda 339 ta medallar shodasi o‘ynalishi kutilmoqda. Bu esa 2016 yilgi Olimpiadadagidan 33 ta medallar to‘plamiga ko‘proqni tashkil qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: