23 martdan to‘y o‘tkazish taqiqlandi. Umumiy ovqatlanish joylari ham yopilmoqda

O‘zbekiston 21:29 / 20.03.2020 205436

«Mamlakatimiz hududida bemorlar yoki kasallikka shubha qilingan shaxslarni o‘z vaqtida aniqlash va respublika bo‘ylab kasallikni tarqalishini oldini olish maqsadida, shuningdek majlisda ko‘rilgan boshqa masalalar yuzasidan respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishining qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 21 martdan e'tiboran barcha hududlarda faoliyat yuritayotgan mavjud ko‘ngilochar obektlar, shu jumladan tungi klublar, diskoteka, spa va massaj salonlar, choyxona, oshxona (uyga eltib berish xizmati bundan mustasno) karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) markazlari va kompyuter o‘yinlari xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik faoliyati turlari koronavirus kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar to‘xtatiladi.

Shuningdek, 23 martdan boshlab «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq mamlakat fuqarolarini sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosim singari ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi bekor qilinadi. Ushbu marosimlarni zarur bo‘lgan taqdirdagina ixcham holda, yaqinlari bilan birga 10-15 kishi ishtirokida o‘tkazish tavsiya etiladi», deyiladi ma'lumotda.

Majlisda ayni paytda chet ellarda bo‘lib turgan fuqarolarni mamlakatimizga qisqa vaqtlar ichida olib kelish va ularni belgilangan tartibda 14 kun karantinda saqlash yuzasidan ko‘rilayotgan choralar atroflicha muhokama qilindi.

«Komissiyaning bunday qarorga kelishidan ko‘zlagan birdan-bir maqsadi shuki, xalqimizning salomatligini saqlash, ular orasida yangi turdagi COVID-19 virusining tarqalishi oldini olishdir. Ishonamanki, bunday paytda har qanday orzu-havasdan shu aziz Vatanga bo‘lgan mehrimiz, bir-birimizga bo‘lgan samimiy muhabbatimiz ustun keladi. Sinovli kunlarda yanada hamjihat bo‘lsak, barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tamiz.

Sizlardan shunday paytlarda o‘zingizni va yaqinlaringiz sog‘ligiga befarq bo‘lmay, bir-biringizni qo‘llab-quvvatlashingizni, gigiyena talablariga qat'iy rioya qilishingizni yana bir bor iltimos qilamiz», deya yozadi Bosh vazir matbuot xizmati xodimi Bekzod Hidoyatov.

Ko‘proq yangiliklar: