Xitoylik shifokor koronavirusga chalingan o‘ta og‘ir bemorlarni davolash usulini topganini ma'lum qildi 

Jahon 01:47 / 19.03.2020 56813

Uxandagi laboratoriya rahbari, xitoylik shifokor Dongcheng Vuning ta'kidlashicha, u koronavirusga chalingan o‘ta og‘ir bemorlarni davolash usulini topdi.

Bu haqda Daily Mail nashri xabar berdi. 

Asos (stvol) hujayralar bilan davolash bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan Dongcheng Vuning ma'lum qilishicha, u koronavirus tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan 9 bemorni muvaffaqiyatli davolay olgan. Ulardan aksariyati keksa yoshlilar bo‘lib, ularda virus sababli nafas olishda jiddiy muammolar va o‘pka yallig‘lanishi yuzaga kelgan.

Shifokor bemorlarning vena tomirlariga ularning to‘qimalaridan olingan asos hujayralarni kiritgan. Shundan keyin bir necha kun ichida bemorlar sog‘ayib ketgan.

Ma'lum qilinishicha, asos hujayralar turli turdagi hujayralar sifatida rivojlanib, jarohatlarni tiklay oladi. “Bu davolash usuli minglab-minglab hayotlarni saqlab qolishi mumkin. Ha bu dori, lekin u hozircha ishlab chiqilishining boshlang‘ich bosqichida”, deb aytgan shifokor.

Avvalroq yana bir xitoylik mutaxassis, fan va texnologiyalar vazirligi vakili Chjan Sinmin grippning yangi shtammlariga qarshi dori vositasi “Favipiravir” (“Avigan” sifatida ham ma'lum) koronavirusni davolashda samarali ekanini ko‘rsatganini ma'lum qilgan. Biroq Yaponiya sog‘liqni saqlash vazirligida ushbu vosita og‘ir alomatlarga ega kasallarni davolashda uncha samarali emasligi aytilgan.

Ko‘proq yangiliklar: