Prezident farmoni: Ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni oshiriladi

Iqtisodiyot 21:50 / 19.03.2020 32070

Farmonda belgilanishicha:

  • Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganligi yoki kasallik yuqtirganlikda gumonlanib karantinga joylashtirilgan ota-onalarga (ularning o‘rnini bosadigan shaxslarga, vasiylarga otaliqqa olganlarga), shuningdek ularning 14 yoshga to‘lmagan farzandiga qarayotgan shaxslarga o‘rtacha ish haqining 100 foizi miqdorida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to‘lanadi;
  • Koronavirus infeksiyasini yuqtirgan yoki karantinga joylashtirilgan farzandning hamda 14 yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasi (uning o‘rnini bosuvchi shaxs, vasiy, otaliqqa oluvchi) bo‘lgan xodim bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:

  • 2020 yil 1 apreldan 14 yoshgacha bo‘lgan farzandlari bor ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar sonini 10 foizga oshirish, bolani ikki yoshga to‘lgunga qadar boqish va moddiy yordam berish bo‘yicha choralar ko‘radi;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda tibbiy, sanitariya-epidemiologiya va boshqa xodimlarga koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlarida ishtirok etganliklari uchun oylik maoshining 6 foizi miqdorida kunlik qo‘shimcha to‘lov joriy etadi;
  • davlat budjetidan moliyalashtiriladigan va faoliyati to‘xtatilgan maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta'lim, sport va madaniyat muassasalari xodimlariga ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishini ta'minlaydi;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir hafta ichida aholiga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi hujjatlarni berishning soddalashtirilgan tizimini tashkil etish choralarini ko‘radi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bir hafta ichida quyidagilar ko‘zda tutilgan tartibni ishlab chiqadi:

  • maktabgacha ta'lim muassasalari va umumta'lim maktablari faoliyati to‘xtab turgan davrda tarbiyalanuvchilar va boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalariga yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga yillik mehnat ta'tilidan foydalanishning yillik rejasidan qat'i nazar yillik mehnat ta'tili (olti oydan kam ishlaganlarga ham) taqdim etiladi;
  • karantin choralari davrida ish beruvchilar xodimlarni, ayniqsa homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan va surunkali kasalliklarga chalingan shaxslarni ularning roziligi bilan masofadan ishlashga, moslashuvchan ish jadvali yoki uydan turib ishlashga o‘tkazishlari mumkin.
Ko‘proq yangiliklar: