Prezident farmoni bilan qator soliq imtiyozlari berildi

Iqtisodiyot 21:23 / 19.03.2020 70819

Farmonga ko‘ra, 2020 yilning 1 aprelidan 1 oktyabriga qadar:

  • yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning eng kam miqdori oyiga BHMning 50 foiziga kamaytiriladi;
  • alkogol mahsulotlari bilan ulgurji savdo qiluvchi korxonalarning ajratmalari 5 foizdan 3 foizga kamaytiriladi;
  • alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun umumiy ovqatlanish tashkilotlarining yig‘im miqdori belgilangan miqdordan 25 foizga kamaytiriladi.

2020 yilning 1 aprelidan 1 iyuliga qadar turistik (mehmonxona) yig‘im hisoblash va undirish to‘xtatiladi.

Qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlarni sug‘orishda foydalanilgan suv resurslaridan foydalanganlik uchun hajmlar bo‘yicha soliq stavkalari 2020 yilda belgilangan stavkalarning 50 foiziga kamaytiriladi.

Jismoniy shaxslarning 2019 yil uchun yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish muddati 2020 yil 1 avgustgacha uzaytiriladi.

Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini to‘lash muddati 2020 yil 15 oktyabrgacha uzaytiriladi.

2020 yil 1 apreldan jismoniy shaxslarning xayriya tashkilotlaridan moddiy manfaat ko‘rinishida oladigan daromadlari soliqqa tortishdan ozod etiladi.

Tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlariga faoliyati turizm sohasiga bevosita yoki bilvosita bog‘liq bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslar daromad solig‘iga belgilangan stavkani 30 foizga kamaytirish tavsiya qilindi. 

Mahalliy hokimiyat organlari tadbirkorlik sub'yektlariga mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lash muddatini foizlarsiz 6 oyga kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) imkoniyatini taqdim etadi. Bunda, ushbu soliqlarni kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) soliq to‘lovchining arizasi va Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining hududiy boshqarmalari rahbarlarining xulosalari asosida boshqa hujjatlarni talab qilmasdan taqdim etiladi.

Farmonda belgilanishicha, 2020 yil 1 oktyabrgacha:

  • xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitorlik qarzdorliklari uchun jarimalar qo‘llash to‘xtatiladi;
  • soliq organlari vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga mol-mulk, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lovlari bo‘yicha penya hisoblanishini to‘xtatib turadi hamda soliq qarzlarini majburiy undirish choralarini ko‘rmaydi.

Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatining soliq tekshiruvi 2021 yil 1 yanvargacha to‘xtatib turiladi, jinoyat ish doirasida yoki yuridik shaxs tugatilganligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan soliq tekshiruvlari bundan mustasno.

Ko‘proq yangiliklar: