Italiyadagi kichik shaharda koronavirusni qanday qilib to‘xtatishdi?

Jahon 18:30 / 19.03.2020 121192

Venetsiyadan uzoq bo‘lmagan masofada joylashgan Vo Euganeo kommunasi COVID-19 tarqalishi o‘chog‘ida turganida butun aholini test qilish boshlandi.

Shaharda yashovchi hamma - 3,4 ming kishi, kasallik simptomlari bor-yo‘qligidan qat'i nazar koronavirusni aniqlash bo‘yicha test topshirdi. Tashxis qo‘yilgan bemorlar darhol qat'iy karantinga yuborildi. Ular bilan aloqada bo‘lganlar ham.

Imperial College London universiteti, ushbu tajribada ishtirok etgan professor Andrea Kresantining ma'lum qilishicha, 10 kun o‘tib barcha yana qaytadan test topshirdi, natijada bemorlar soni 90 foizga kam bo‘lgan

22 fevral kuni Italiyadagi koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etilgan Vo kommunasida shahar sog‘liqni saqlash organlari ayni vaqtga kelib infeksiya tarqalishini butunlay to‘xtatishgan.

«Test qilish eng muhimi bo‘ldi, bu ko‘plarning hayotini saqlab qoldi», - degan shahar meri Juliano Martini jurnalistlar bilan uchrashuvda.

«Test qiling, test qiling, test qiling»

JSST rahbari mamlakatlarga imkon qadar ko‘proq odamni test qilishga chaqirmoqda / GETTY IMAGES

Shu haftada Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti barcha mamlakatlarni Janubiy Koreya va Tayvandan ibrat olib, aholini faollik bilan koronavirusga testdan o‘tkazishga chaqirdi. «Bizning asosiy murojaatimiz shu: test qiling, test qiling, test qiling», - dedi JSST rahbari Tedros Adanom Gebreysus.

Professor Andrea Kresantining so‘zlariga ko‘ra, Vo Euganioda hamma tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tahlillar natijalari shahar aholisining 3 foizida virus borligini ko‘rsatgan. Virusga chalinishning tashqi belgilari mavjud bo‘lgan bir bemorga virus belgilari yo‘q bo‘lgan 10 kishi to‘g‘ri kelgan. Ularning barchasi izolyatsiya qilingan.

«Odamlar ikkinchi marta test qilinganida ijobiy natijalar 90 foizga kamaydi», - deydi ekspert.

Muhimi, takroriy testda simptomlarsiz bemorlar aniqlandi va ular karantinga joylashtirildi.

«Agar ular aniqlanmaganida, ular infeksiyani boshqalarga yuqtirishda davom etishardi», - degan Andrea Kresanti Financial Times nashriga bergan intervyusda.

Butun mamlakatlar aholisini test qilish imkoni bo‘lmasa-da, bemorligi aniq bo‘lgan bemorlar bilan aloqador bo‘lganlarni tekshirish muhimdir, deya qo‘shimcha qiladi Andrea Kresanti.

Bu butun Veneto provinsiyasiga qo‘llanishi va kuniga 11 mingdan ortiq kishidan tahlil olinishi rejalashtirilgan.

Milliy karantin

Chorshanba kuni Italiyada koronavirusdan 475 kishi vafot etdi va qurbonlar soni 3 mingga yaqinlashdi. Bu kasallik tarixidagi eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi bo‘ldi.

Italiyada ayni vaqtda virus yuqtirganlar soni 36 mingga yaqin. Ularning 4 ming nafari sog‘ayib ketgan. Bu mamlakat koronavirusdan jabr ko‘rish bo‘yicha dunyoda Xitoydan keyingi ikkinchi mamlakat.

Italiyada 9 mart kunidan butun mamlakat bo‘ylab qat'iy choralar joriy etilgan. Virus tarqalishi oldini olish maqsadida odamlardan uylarini tark etmaslik so‘ralgan. Lekin mamlakatda o‘limlar soni kundan-kunga oshib bormoqda.

JSSTning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha bo‘limi direktori Mayk Rayanning hisoblashicha, bu sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi katta yuklama ostida qolgani, har kuni shifoxonalarga bemorlar oqimi juda ko‘p bo‘layotgani bilan bog‘liq. Shuningdek, mamlakat aholisida keksa yoshlilar ulushi yuqori.

Koronavirus jahonda: payshanba kungi holat

  • 19 mart holatiga ko‘ra, butun dunyoda 160dan ortiq mamlakatda virusdan zararlanganlar soni 225 mingdan oshgan, 85 mingdan oshiq kishi tuzalgan, virus qurbonlari soni 9277 nafarga yetdi.
  • O‘zbekistonda bugun yana 5 kishida virus aniqlandi va bemorlarning jami soni 23 nafarga yetdi.
  • Britaniyada 2626 kishida virus aniqlangan, 104 kishi vafot etgan. Juma kuni mamlakatdagi barcha maktablar yopiladi, imtihonlar keyinga qoldiriladi.
  • AQShda prezident Tramp Mudofaa vazirligi millionlab respirator niqoblari va boshqa zarur vositalar ishlab chiqarish uchun safarbar qilinishini ma'lum qildi.
  • Ispaniya hukumati mamlakatdagi barcha mehmonxonalarni yopgan.
  • YeIda ittifoq davlatlari fuqarolari bo‘lmaganlar uchun 30 kunlik taqiq kuchga kirdi. Shu bilan birgalikda, YeI davlatlari o‘zaro chegaralarni ochib qo‘yishga qaror qilgan.
  • Afrikada Sahroi Kabirdan janubda ilk o‘lim holati qayd etildi. Burkina-Faso Milliy assambleyasi vitse-prezidenti, 62 yoshli Rouz Mari Kompaore vafot etdi.
  • AQShda Nyu-York shtati gubernatori farmoyishiga ko‘ra, kompaniyalar xodimlarining kamida 50 foizi uydan turib ishlashi kerak bo‘ladi.
  • AQSh va Kanada o‘rtasidagi chegara yopildi - dunyoda bu quruqlikda ikki davlat orasidagi eng uzun chegaradir.
  • Rossiyada 19 mart kuni yana 52 kishida koronavirus aniqlandi va bemorlar soni 199 nafarga yetdi. Shuningdek, bugun ushbu mamlakatda virusdan ilk o‘lim holati qayd etildi.
  • 18 mart kuni Rossiyada xorijliklar mamlakatga kirishini taqiqlovchi qaror kuchga kirdi, bu tartib 1 mayga qadar amalda bo‘ladi. Rossiyadagi maktablar ta'tilga chiqadi va ta'til 12 aprelgacha davom etadi.
Ko‘proq yangiliklar: