Indoneziyada mamlakat rahbariyatining koronavirusga testi natijalarini oshkor qilishdan bosh tortildi

Jahon 08:09 / 19.03.2020 6701

Bu haqda Indoneziya sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Ahmad Yuriantoga tayanib The Jakarta Post nashri xabar berdi.

“Biz tahlillar natijalarini ma'lum qilmaymiz, chunki bu mamlakat oliy rahbariyati salomatligini umumiy tekshirishning bir qismi hisoblanadi”, deb aytgan amaldor.

15 mart kuni Indoneziya prezidenti Joko Vidodo o‘zi va rafiqasi hamda vazirlar koronavirusga test topshirishini ma'lum qilgan. Bundan bir kun avval transport vaziri Budi Karia Sumadida koronavirus aniqlagani tasdiqlangan. Vazir o‘tgan hafta hukumatning barcha  yig‘ilishlarida ishtirok etgan, xorijiy hamkasblari bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Ko‘plab mahalliy va xorijiy ekspertlar rasmiy Jakartani koronavirus bilan bog‘liq axborotni yashirishda ayblamoqda. Prezident buni aholi o‘rtasida sarosima chiqarmaslik maqsadida amalga oshirilayotgan majburiy chora deb tushuntirgan. 

Indoneziya rahbariyati Janubiy Sharqiy Osiyoda barcha davlatlardan keyin, 2 mart kuni mamlakatda koronavirus qayd qilinganini ma'lum qilgan. Vaholanki, bungacha qo‘shni Singapur hukumati Indoneziyadan qaytgan bir necha kishining virusga chalinganini ma'lum qilgan. Bundan tashqari, Indoneziyada fevralda koronavirus alomatlari kuzatilgan kamida 5 kishi vafot etgan. Dastlab Jakarta bu odamlarning tahlillari ularda koronavirus yo‘qligini ko‘rsatganini ta'kidlagan, biroq keyin tahlillarda xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligini tan olgan.

Ayni vaqtda Indoneziyada koronavirusga 227 kishi chalingani qayd qilingan, ulardan 140 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda. Shuningdek, 19 kishi koronavirusdan vafot etgan. Bu esa mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib turibdi. 

Ko‘proq yangiliklar: