18 mart kuni "O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi" AJ ochiq birja savdolari orqali jami 210,1 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi, bu avvalgi savdo kuniga nisbatan 28,6 foizga ko‘p.
Un bozorida talab darajasi nisbatan ko‘tarilganligi bois sotuvchi korxonalar birja savdolariga jadvallarda belgilangan hajmlarga qo‘shimcha ravishda 15 000 tonna un mahsulotlarini qo‘yishni boshlashdi.
18 mart kuni birja savdolariga 7 890,0 tonna bug‘doy unining 1-navi qo‘yildi va ularning barchasi sotildi. Savdolarda 42 ta sotuvchi korxonalar va 1 416 ta xaridorlar erkin tarzda ishtirok etishdi.
Kecha o‘tkazilgan birja savdo yakunlariga ko‘ra, unning 1-navi bo‘yicha birjada shakllangan narxi avvalgi savdo kuniga nisbatan 1,5 foizga pasayib, mahsulotning bir tonnasi uchun 2,5 mln so‘mni tashkil etdi. Unning minimal narxi Toshkent viloyatida – 2,4 mln so‘m, maksimal darajasi esa Sirdaryo viloyatida – 2,6 mln so‘m atrofida qayd etildi.
Birjaning shakar bozorida joriy yilning boshidan buyon o‘rnatilgan o‘zgarishsiz holat saqlanmoqda. 18 martda jami 2 000 tonna shakar birja savdolariga qo‘yildi va ulardan 279,0 tonnasi, ya'ni 14 foizi sotildi. Sotilgan mahsulotning umumiy qiymati 1,4 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Taklif darajasi yuqori bo‘lganligi sababli shakarning narxi avvalgi kunga nisbatan deyarli o‘zgarmadi va boshlang‘ich narx darajasida qayd etildi. Xususan, shakar bo‘yicha shakllangan birja kotirovkasi tovarning bir tonnasi uchun 5,3 mln so‘mni, uning boshlang‘ich narxi esa 5,3 mln so‘mni tashkil etdi.
Shunga o‘xshash holatlar birjaning paxta yog‘i bozorida ham kuzatildi. 18 mart savdo natijalariga ko‘ra 681,4 tonna paxta yog‘i birja savdolariga qo‘yildi va ulardan 203,5 tonnasi, ya'ni 30 foizi sotildi. Paxta yog‘ining o‘rtacha narxi mahsulotning boshlang‘ich narxiga nisbatan 0,5 foizga, avvalgi kunga nisbatan 0,2 foizga o‘sib, bir tonnasi uchun 9,2 mln so‘mni tashkil etdi.